Yordam markazi

OQIM platformasidan foydalanish shartlari

Oxirgi yangilanish: 2026-yil oktyabr

Yangi tahrirda Instagramsiz (video) loyihalar qoidalari qoʻshildi, roʻyxatdan oʻtish uchun Instagram talab qilinmaydi, OQIM har ikki tomon bilan oʻz nomidan shartnoma tuzishi, Brend avans balansi, kreator toʻlovidan 1% soliq ushlab qolinishi, tasdiqlangan videoga huquqlarning 5 yilga oʻtishi va yangi tahrirlarni ilovada qabul qilish tartibi belgilandi. Mazkur Shartlarning oʻzbekcha matni rasmiy va ustuvor hisoblanadi. Agar mazkur hujjatning oʻzbekcha matni bilan boshqa tildagi tarjimasi oʻrtasida tafovut mavjud boʻlsa, oʻzbekcha matn qoʻllaniladi.

Mazkur OQIM platformasidan foydalanish shartlari ("Shartlar") "OQIM GROUP" masʼuliyati cheklangan jamiyati, INN: 312944962 ("OQIM", "Platforma operatori") tomonidan boshqariladigan OQIM platformasidan foydalanish tartibi, foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, loyihalarni yuritish, toʻlov va hisob-kitoblar, kontentdan foydalanish, moderatsiya, javobgarlik hamda boshqa muhim shartlarni belgilaydi.

Platformada roʻyxatdan oʻtish, Platformadan foydalanish, loyiha yaratish, loyihada ishtirok etish, kontent yuborish, Brend avans balansi va toʻlov funksiyalaridan foydalanish, tegishli rozilik yoki tasdiqlash maydonlarini belgilash yoxud Platformada boshqa harakatlarni amalga oshirish orqali Foydalanuvchi mazkur Shartlar, Maxfiylik siyosati va tegishli boshqa hujjatlar bilan tanishganini, ularning mazmunini tushunganini hamda ularga roziligini tasdiqlaydi.

Agar Foydalanuvchi mazkur Shartlarga rozi boʻlmasa, Platformadan foydalanmasligi lozim.

1. Atamalar va taʼriflar

Mazkur Shartlarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

Platforma — oqim.app domeni, unga tegishli subdomenlar, veb-sahifalar, shaxsiy kabinetlar, admin kabineti, brend kabineti, kreator kabineti, texnik tizimlar, dasturiy vositalar hamda OQIM tomonidan koʻrsatiladigan raqamli xizmatlar majmui.

OQIM — "OQIM GROUP" MChJ tomonidan boshqariladigan, brendlar va kreatorlar oʻrtasida loyihalarni yaratish, koʻrib chiqish, yuritish, kuzatish va hisob-kitob qilish jarayonlarini taʼminlovchi texnologik platforma operatori.

Foydalanuvchi — Platformada roʻyxatdan oʻtgan yoki Platformadan foydalanadigan har qanday jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor, yuridik shaxs yoki yuridik shaxs nomidan harakat qiluvchi vakolatli shaxs.

Kreator — Platformada kreator sifatida roʻyxatdan oʻtgan, kontent yaratadigan va loyihalarda ishtirok etishi mumkin boʻlgan jismoniy shaxs. Kreator sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun Instagram akkaunti talab qilinmaydi.

Instagram tasdigʻi — Kreator Platformaga ulagan Instagram akkaunti Instagram tekshiruvi va OQIM koʻrib chiqishidan oʻtgach, OQIM tomonidan beriladigan tasdiq. Platformada Kreatorning "tasdiqlangan" maqomi Instagram tasdigʻini anglatadi.

Brend — Platformada kompaniya, tashkilot, mahsulot, xizmat yoki brend nomidan roʻyxatdan oʻtgan, loyiha yaratishi, byudjet kiritishi, kreatorlarni va kontentni koʻrib chiqishi mumkin boʻlgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki ularning vakolatli vakili.

Agentlik — OQIM hamkorlik qiladigan va Platformada agentlik sifatida roʻyxatdan oʻtgan tashkilot. Agentlik oʻz Brendlarining hisoblari va loyihalarini OQIM va tegishli Brend bergan kirish huquqlari doirasida boshqaradi hamda OQIMdan komissiya oladi. Agentlik Brend yoki Kreatorning pullarini qabul qilmaydi, saqlamaydi va oʻtkazmaydi.

Brend Telegram guruhi — Brend Platformaga ulagan Telegram guruhi; unga Brend bildirishnomalari hamda Brend koʻrib chiqishi kerak boʻlgan kontent yuboriladi.

Admin — OQIM nomidan Platformani boshqarish, moderatsiya qilish, loyihalarni, kreatorlarni, brendlarni, Brend avans toʻlovlarini, kreatorlarga toʻlovlarni, nazorat tekshiruvlarini va boshqa operatsiyalarni koʻrib chiqish vakolatiga ega shaxs.

Loyiha — Brend tomonidan Platformada yaratiladigan, Kreatorlar tomonidan kontent yaratilishini nazarda tutuvchi reklama, foydalanuvchi tomonidan yaratilgan kontent yoki influencer marketing loyihasi. Loyiha ikki turda boʻladi: Instagram loyihasi va Instagramsiz loyiha.

Instagram loyihasi — Kreator Brend tasdiqlagan kontentni oʻz Instagram akkauntida Reel sifatida joylashtirishini nazarda tutuvchi loyiha. Instagram loyihasida Kreator daromadi koʻrishlar uchun (CPM) yoki har bir Reel uchun belgilangan qatʼiy summa asosida hisoblanadi. Instagram loyihasi "Videolardan foydalanish huquqi bilan" boʻlishi mumkin: buni OQIM Brend bilan kelishuvga muvofiq loyihani tasdiqlashda belgilaydi.

Foydalanish huquqli Instagram loyihasi — OQIM Brend bilan kelishuvga muvofiq loyihani tasdiqlashda "Videolardan foydalanish huquqi bilan" deb belgilagan Instagram loyihasi. Bu belgi loyiha sahifasida Kreatorlarga va Brendga koʻrsatiladi. Bunday loyihada Brend tasdiqlagan har bir dastlabki kontentga, Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan taqdirda, 14-boʻlimga muvofiq Instagramsiz loyiha videosi bilan bir xil huquqlar oʻtadi. OQIM bunday deb belgilamagan Instagram loyihasi foydalanish huquqisiz Instagram loyihasi hisoblanadi.

Instagramsiz loyiha (video loyiha) — Kreator ariza bermasdan, Instagram akkauntisiz va videoni hech qayerda joylashtirmasdan brief asosida video yaratib, uni Platformaga yuklashini hamda Brend videoni koʻrib chiqishini nazarda tutuvchi loyiha. Kreator kabinetida Instagramsiz loyihalar "Vazifalar" boʻlimida koʻrsatiladi.

Brief — Brend tomonidan loyiha uchun taqdim etiladigan kontent talablari, mahsulot yoki xizmat tavsifi, koʻrsatmalar, hashtaglar, akkauntni belgilashlar, reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn talablari, taqiqlar, namunaviy materiallar va boshqa yoʻriqnomalar.

Kontent — Kreator tomonidan loyiha uchun yaratilgan yoki yuborilgan dastlabki video, Reel, Instagramsiz loyiha videosi, matn, sarlavha, izoh, hashtag, rasm, audio, video, havola yoki boshqa material.

Reel — Kreator tomonidan Instagram platformasida joylashtirilgan Instagram loyihasi videosi.

Video — Kreator tomonidan Instagramsiz loyiha uchun brief asosida yaratilib, Platformaga yuklangan video fayl. Mazkur Shartlarning Instagramsiz loyihaga oid qoidalarida "video" soʻzi shu maʼnoda qoʻllaniladi.

Koʻrish nusxasi — video yoki Instagram loyihasi dastlabki kontentining OQIM belgisi (suv belgisi) qoʻyilgan, Brendga koʻrib chiqish uchun koʻrsatiladigan nusxasi.

Asl fayl — Kreator Instagramsiz loyiha uchun yuklagan videoning yoki foydalanish huquqli Instagram loyihasida yuborgan dastlabki kontentning OQIM belgisi qoʻyilmagan fayli.

Tasdiqlangan fayl — Brend tasdiqlagan aniq video yoki dastlabki kontent fayli. OQIM uning barmoq izini (xesh) qayd etadi; 14-boʻlimdagi huquqlar shu faylga va uning jiddiy ijodiy oʻzgarishlarsiz texnik versiyalariga qoʻllaniladi.

Oʻrin — Instagramsiz loyihada Brend sotib oladigan bitta video uchun joy.

Video narxi — Instagramsiz loyihada Brend belgilaydigan va bitta video uchun OQIMga toʻlaydigan yagona narx. Video narxi OQIMning tegishli loyiha boʻyicha toʻliq shartnomaviy narxidir.

Kreator haqi — Instagramsiz loyihada OQIM bitta tasdiqlangan video uchun Kreatorga toʻlaydigan summa. Kreator haqini OQIM belgilaydi va uni Kreatorga video yuklashdan oldin koʻrsatadi. Kreator haqi OQIMning Kreator oldidagi oʻz majburiyatidir.

Kreator kodi — Instagramsiz loyihada Brendga Kreatorning ismi va aloqa maʼlumotlari oʻrniga koʻrsatiladigan anonim kod.

CPM — har 1 000 ta koʻrish uchun hisoblanadigan toʻlov modeli.

Brend avans balansi (Platformada "Hamyon" deb ataladi) — Brend OQIMga bank oʻtkazmasi orqali oldindan toʻlagan va OQIM xizmatlari uchun hisob-kitobda ishlatiladigan avans. Avans balansi faqat OQIM xizmatlari uchun ishlatiladi va boshqa Foydalanuvchiga oʻtkazilmaydi. U pul, bank hisobvaragʻi, omonat, toʻlov hisobvaragʻi, elektron pul yoki elektron hamyon hisoblanmaydi. Ishlatilmagan avans hisob-kitob yakunlangandan keyin uni toʻlagan bank hisobvaragʻiga qaytarilishi mumkin (21-boʻlim).

Kreator daromadi — loyiha boʻyicha OQIM Platforma qoidalariga muvofiq Kreator foydasiga hisoblaydigan summa: Instagram loyihasida tekshirilgan natijalar uchun, Instagramsiz loyihada esa tasdiqlangan video uchun Kreator haqi. Kreator daromadi tekshiruv, Instagram loyihalarida ushlab turish davri, toʻlov olishga muvofiqlik va boshqa Platforma shartlariga bogʻliq.

Toʻlanadigan kreator daromadi — Kreator daromadining toʻlanishi mumkin boʻlgan holatga oʻtgan va hali Kreatorga toʻlanmagan qismi (Kreatorning Platformadagi balansi). Toʻlanadigan kreator daromadi OQIMning Kreator oldidagi pul majburiyati, yaʼni qarzidir. U elektron pul, omonat, hisobvaraq yoki toʻlov vositasi hisoblanmaydi.

Kreatorga toʻlov — Kreatorga loyiha boʻyicha hisoblangan, OQIM qoidalariga muvofiq koʻrib chiqiladigan va toʻlanishi mumkin boʻlgan summa.

Tangalar — Kreatorga Platformada belgilangan faoliyat uchun beriladigan ichki ragʻbatlantirish birliklari (23-boʻlim).

Uchinchi tomon xizmatlari — Instagram/Meta, Apify, Eskiz, Telegram, Hetzner, Cloudflare, PostHog, Google (Vertex AI) hamda Platforma ishlashida foydalanilishi mumkin boʻlgan boshqa tashqi xizmatlar.

2. OQIMning huquqiy maqomi va roli

OQIM Oʻzbekiston bozorida brendlar va kreatorlar oʻrtasida loyihalarni boshqarish, kontent yuborish va koʻrib chiqish, Instagram loyihalarida koʻrishlarni tekshirish, Brend avans balansi va Kreatorlarga toʻlovlarni yuritish hamda Platforma ichki qoidalarini qoʻllash uchun texnologik platforma va boshqariladigan reklama infratuzilmasini taqdim etadi.

OQIM quyidagilar hisoblanmaydi:

  • noshir yoki ommaviy axborot vositasi;
  • Kreatorning ish beruvchisi;
  • Kreatorning agenti yoxud yuridik vakili;
  • Instagram, Meta yoki boshqa ijtimoiy tarmoq vakili;
  • bank;
  • toʻlov tashkiloti;
  • toʻlov tizimi operatori;
  • elektron pul emitenti;
  • litsenziyalangan toʻlov xizmatlari koʻrsatuvchisi;
  • mikromoliya tashkiloti;
  • reklama natijalari, savdo yoki konversiya kafolatchisi.

OQIM Brend nomidan reklama agenti yoki media xaridor sifatida harakat qilmaydi va, mazkur Shartlarda aniq koʻrsatilgan operatsion yordam bundan mustasno, Brendning vakili hisoblanmaydi. Ushbu taʼrif OQIMga qonunchilik boʻyicha uning amaldagi faoliyatidan kelib chiqadigan majburiy maqom yoki majburiyatlarni cheklamaydi.

OQIM Platforma orqali loyiha jarayonlarini tashkillashtiradi va boshqaradi. Shu bilan birga, Brendning mahsuloti yoki xizmati, reklama daʼvolari, briefdagi koʻrsatmalar, qonunchilikka muvofiqlik, reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn talablari, shuningdek Kreatorning mustaqil harakatlari va kontenti uchun mazkur Shartlarda bevosita nazarda tutilgan hollardan tashqari umumiy javobgar hisoblanmaydi.

OQIM Brend va Kreator bilan alohida-alohida, oʻz nomidan shartnoma tuzadi. Brend loyiha xizmatini, Instagramsiz loyihada va foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa tasdiqlangan videolarga 14-boʻlimda koʻrsatilgan huquqlarni ham OQIMdan sotib oladi. Brendning loyiha boʻyicha toʻlov majburiyati faqat OQIM oldida vujudga keladi. Kreator daromadi, jumladan Kreator haqi, boʻyicha majburiyat OQIMning Kreator oldidagi oʻz majburiyatidir. Brend Kreator oldida pul majburiyatiga ega emas. OQIM Kreator nomidan Brenddan pul qabul qilmaydi va Brendning pulini Kreatorga oʻtkazuvchi toʻlov agenti sifatida harakat qilmaydi. Agentlik komissiyasini OQIM oʻz majburiyati sifatida toʻlaydi.

3. Roʻyxatdan oʻtish va hisobdan foydalanish

Platformada quyidagi asosiy foydalanuvchi rollari mavjud:

  • Kreator;
  • Brend;
  • Agentlik;
  • Admin.

Foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtishda haqqoniy, toʻliq, dolzarb va oʻziga tegishli maʼlumotlarni taqdim etishi shart. Boshqa shaxs nomidan, soxta maʼlumotlar bilan, vakolatsiz ravishda yoki boshqa shaxsga tegishli akkauntdan foydalanib roʻyxatdan oʻtish taqiqlanadi.

Kreator telefon raqami (SMS kod orqali tasdiqlanadi) va parol bilan roʻyxatdan oʻtadi hamda ismi, jinsi, tugʻilgan sanasi, yashash hududi, kontent tili va Telegram foydalanuvchi nomini (@username) koʻrsatadi. Telegram foydalanuvchi nomi oʻrniga telefon raqami qabul qilinmaydi. Kreator sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun Instagram akkaunti talab qilinmaydi; Instagram akkauntini ulash ixtiyoriy boʻlib, 8-boʻlimda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. OQIMning boshqa ilovalaridan OQIM ID orqali kelgan foydalanuvchilar ham Kreator sifatida xuddi shu tartibda roʻyxatdan oʻtadi.

Foydalanuvchi oʻz login maʼlumotlari, paroli, telefon raqami, OTP orqali tasdiqlash jarayoni va Platformadagi barcha harakatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

OQIM telefon raqam orqali OTP tasdiqlash, parol, foydalanuvchi roli asosida kirish, subdomenlar boʻyicha ajratilgan kirish va boshqa xavfsizlik mexanizmlaridan foydalanishi mumkin.

OQIM quyidagi huquqlarga ega:

  • Brend hisobini yoki Kreatorning Instagram akkauntini tasdiqlash yoki rad etish;
  • qoʻshimcha maʼlumot yoki hujjat soʻrash;
  • hisobdan foydalanishni cheklash;
  • vaqtincha toʻxtatib turish;
  • hisobni bekor qilish;
  • Platforma xavfsizligi, qonunchilik, toʻlovlar yoki firibgarlikning oldini olish sababli boshqa choralar koʻrish.

Hisobni vaqtincha toʻxtatib qoʻyish va toʻlovlarni ushlab turish 20- va 27-boʻlimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Reputatsion xavfning oʻzi faqat vaqtincha toʻxtatib qoʻyish yoki tekshiruv uchun asos boʻlishi mumkin.

4. Elektron rozilik va hujjatlarni qabul qilish

Platformadan foydalanish uchun Foydalanuvchi mazkur Shartlar, Maxfiylik siyosati va Foydalanuvchiga tegishli boshqa hujjatlarni elektron shaklda qabul qilishi talab etilishi mumkin.

Foydalanuvchi hujjatni oʻz OQIM hisobiga kirgan holda, Platformadagi rozilik maydonini belgilash yoki tasdiqlash tugmasini bosish orqali qabul qiladi. Hisob roʻyxatdan oʻtishda SMS kod bilan tasdiqlangan telefon raqamiga bogʻlangan. Bunday qabul qilish hujjatni yozma elektron shaklda qabul qilish hisoblanadi.

Kreatorlar quyidagilarni alohida tasdiqlashi mumkin:

  • mazkur Shartlar;
  • Maxfiylik siyosati;
  • Kreator shartnomasi;
  • Instagram akkauntini ulashda unga egalik yoki qonuniy nazorat tasdiqlovi;
  • 18 yoshga toʻlganlik tasdiqlovi;
  • Instagram loyihasida Reel havolasini yuborishda Reelni loyiha davomida va loyiha tugaganidan keyin 7 kalendar kun davomida ommaviy holatda saqlash majburiyati;
  • Instagramsiz loyihada har bir video yuklashdan oldin videoni oʻzi yaratgani, unga oʻzi qoʻshgan musiqa va boshqa materiallarga huquqi borligi va bu materiallar boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi, videoda boshqa tanib boʻladigan shaxs yoʻqligi yoki har bir shunday shaxs xuddi shu foydalanishga rozilik bergani, videoda 18 yoshga toʻlmagan shaxs yoʻqligi, video tasdiqlanganda 14-boʻlimda koʻrsatilgan huquqlar OQIMga va OQIM orqali Brendga oʻtishiga hamda tasviri va ovozidan foydalanishga roziligi tasdiqlovi;
  • foydalanish huquqli Instagram loyihasida dastlabki kontentni yuklashda kontentda 18 yoshga toʻlmagan shaxs yoʻqligi, Kreatordan boshqa tanib boʻladigan voyaga yetgan shaxs boʻlsa, u Kreator shartnomasida koʻrsatilgan foydalanishlarga rozilik bergani tasdiqlovi hamda, Brend kontentni tasdiqlasa va Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlansa, 14-boʻlimda koʻrsatilgan huquqlar OQIMga va OQIM orqali Brendga oʻtishiga va tasviri va ovozidan foydalanishga roziligi tasdiqlovi.

Loyihalarga qoʻshilish va ularda ishtirok etish orqali Kreator loyiha briefi, Platforma qoidalari, Platformadan tashqarida faol loyihani chetlab oʻtmaslik va firibgarlikka qarshi qoidalarga rioya qilishi shart.

Brendlar roʻyxatdan oʻtishda mazkur Shartlar va Maxfiylik siyosatini elektron shaklda qabul qilishi hamda kompaniya yoki brend nomidan Platformadan foydalanish vakolatini tasdiqlashi kerak. Brend loyihalarni ishga tushirishdan oldin "OQIM GROUP" MChJ bilan Didox yoki OQIM tasdiqlagan boshqa usul orqali alohida shartnoma rasmiylashtirilishi talab qilinishi mumkin; bu talab Platforma qoidalari va keyingi operatsion jarayonlar orqali qoʻllaniladi.

OQIM har bir elektron qabul qilish yozuvini saqlaydi: foydalanuvchi identifikatori, foydalanuvchi roli, rozilik turi, hujjat turi va versiyasi, hujjat havolasi, qabul qilingan vaqt, til, IP manzil, qurilma va brauzer maʼlumotlari, qabul qilish jarayoni (sahifa), tegishli loyiha va video.

Hujjatlarning yangi versiyalari, jumladan videoga boʻlgan huquqlarga oid shartlarning yangi versiyasi, 36-boʻlimga muvofiq qayta qabul qilinadi.

5. Yosh talabi va vakolat

Kreator Platformada ishtirok etish uchun 18 yoshga toʻlgan boʻlishi shart. Kreator roʻyxatdan oʻtishda tugʻilgan sanasini kiritadi; 18 yoshga toʻlmagan shaxs Kreator sifatida roʻyxatdan oʻta olmaydi. OQIM istalgan vaqtda Kreatordan yoshini tasdiqlovchi hujjat soʻrashi mumkin.

Brend nomidan roʻyxatdan oʻtgan shaxs tegishli kompaniya yoki brend nomidan Platformadan foydalanish, maʼlumot kiritish, loyiha yaratish, shartnoma jarayonida ishtirok etish, hujjatlarni qabul qilish va OQIM bilan aloqa qilish vakolatiga ega ekanini tasdiqlaydi.

Agar vakolat notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, bunday harakatlar uchun Brend nomidan roʻyxatdan oʻtgan shaxs va/yoki tegishli Brend javobgar boʻladi.

6. Brendlar bilan alohida shartnoma

Brend loyihalarni ishga tushirishdan oldin Brend va "OQIM GROUP" MChJ oʻrtasida Didox yoki OQIM tomonidan tasdiqlangan boshqa usul orqali alohida shartnoma rasmiylashtirilishi talab etiladi.

Platforma qoidalari va shartnoma jarayonlari Brendga Platforma qoidalari, Maxfiylik siyosati, vakolat tasdiqlovi va alohida shartnoma zarurligi qoʻllanishini bildiradi. Didox yoki boshqa tasdiqlangan usul orqali rasmiylashtiriladigan shartnoma esa Brend va OQIM oʻrtasidagi B2B tijorat munosabatlarini, xizmat hajmini, hisob-kitoblarni, Brend avans balansi va avans toʻlovlari tartibini, loyiha qoidalarini, javobgarlikni va boshqa shartlarni belgilaydi.

OQIM Brendni tekshirishi, qoʻshimcha maʼlumot yoki hujjat soʻrashi, Brendni tasdiqlashi yoki tasdiqlamasligi mumkin. Brend tasdiqlanmaguncha loyiha yaratish, ishga tushirish yoki ayrim Platforma funksiyalaridan foydalanish cheklanishi mumkin.

7. Kreatorning huquqiy maqomi

Kreator Platformada mustaqil foydalanuvchi va mustaqil kontent yaratuvchi sifatida ishtirok etadi.

Kreator OQIM yoki Brendning xodimi, shtatdagi ishchisi, agenti, yuridik vakili, hamkori, qoʻshma korxona ishtirokchisi yoki mehnat munosabatidagi shaxsi hisoblanmaydi.

Kreator oʻz Instagram akkaunti (agar ulangan boʻlsa), qurilmalari, internet aloqasi, ish vaqti, ijodiy jarayoni, soliq maqomi, bank kartasi maʼlumotlari, kontenti va qonuniy majburiyatlari uchun mustaqil javobgardir.

OQIM tomonidan Kreatorning Instagram akkauntini tasdiqlash, loyiha briefini berish, kontentni koʻrib chiqish, kreatorga toʻlovni ushlab turish, tekshiruv oʻtkazish yoki moderatsiya qilish mehnat munosabati, agentlik munosabati yoki vakillik munosabatini yuzaga keltirmaydi.

8. Instagram akkaunti boʻyicha talablar

Instagram akkauntini Platformaga ulash ixtiyoriy. Kreator Instagram akkauntini ulaganda akkaunt Instagram tekshiruvidan va OQIM koʻrib chiqishidan oʻtadi. Instagram tasdigʻi faqat Instagram loyihalarida ishtirok etish, tangalarni sarflash hamda OQIM Chat va Canvas xizmatlaridan foydalanish uchun talab qilinadi. Instagramsiz loyihalarda ishtirok etish uchun Instagram akkaunti va Instagram tasdigʻi talab qilinmaydi.

OQIMning Kreator Instagram akkauntini rad etish toʻgʻrisidagi qarori Kreatorning ushbu hisobi uchun yakuniy hisoblanadi. Rad etish Kreator hisobini yopmaydi: Kreator oʻz hisobini saqlab qoladi va Instagramsiz loyihalarda ishtirok etishi mumkin, biroq Instagram tasdigʻi talab qilinadigan imkoniyatlardan foydalana olmaydi.

Kreator Platformaga ulagan Instagram akkauntining egasi ekanini yoki undan qonuniy foydalanish huquqiga ega ekanini tasdiqlaydi.

Kreatorga quyidagilar taqiqlanadi:

  • boshqa shaxsga tegishli Instagram akkauntini ruxsatsiz ulash;
  • soxta yoki chalgʻituvchi akkauntdan foydalanish;
  • obunachi, auditoriya faolligi yoki akkaunt koʻrsatkichlarini notoʻgʻri koʻrsatish;
  • Instagram akkauntini Platforma tekshiruvlaridan yashirish;
  • akkauntga egalik yoki nazorat boʻyicha OQIMni chalgʻitish.

OQIM Instagram profil maʼlumotlari, obunachilar soni, username, Instagram foydalanuvchi identifikatori, ochiq profil maʼlumotlari, Reel havolasi, akkaunt egasi username maʼlumoti, ommaviy koʻrsatkichlar va boshqa ochiq maʼlumotlarni avtomatik yoki qoʻlda tekshirishi mumkin.

OQIM Instagram, Meta yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan affillangan emas. Instagram/Meta siyosatlari, texnik cheklovlari, API yoki avtomatlashtirilgan maʼlumot yigʻish cheklovlari, akkaunt bloklanishi, ommaviy koʻrsatkichlar mavjud emasligi yoki boshqa uchinchi tomon holatlari uchun OQIM javobgar boʻlmaydi.

9. Loyiha turlari va Instagram loyihasi jarayoni

Platformada ikki turdagi loyiha mavjud: Instagram loyihasi va Instagramsiz loyiha. Instagramsiz loyiha qoidalari 10-boʻlimda belgilangan.

Instagram loyihasi jarayoni odatda quyidagi bosqichlardan iborat boʻlishi mumkin:

  1. Brend Instagram loyihasini yaratadi, brief, byudjet, CPM yoki har bir Reel uchun qatʼiy summa, muddat va boshqa shartlarni belgilaydi.
  2. Brend avans balansini toʻldiradi yoki loyiha uchun yetarli tasdiqlangan balansga ega boʻladi.
  3. OQIM va/yoki Admin loyihani koʻrib chiqadi. Loyiha "Videolardan foydalanish huquqi bilan" boʻlish-boʻlmasligini OQIM Brend bilan kelishuvga muvofiq loyihani tasdiqlashda belgilaydi.
  4. Instagram tasdigʻiga ega Kreatorlar loyihaga ariza beradi yoki qoʻshiladi.
  5. Brend kreator arizasini tasdiqlaydi yoki rad etadi.
  6. Kreator dastlabki kontent yuboradi.
  7. Brend dastlabki kontentni uning koʻrish nusxasi orqali koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi yoki rad etadi.
  8. Kreator tasdiqlangan Reelni Instagramda joylashtiradi va Reel havolasini yuboradi.
  9. OQIM Reelni tekshiradi va koʻrishlarni nazorat tekshiruvlari orqali kuzatadi.
  10. Loyiha yakunida toʻlovga loyiq deb topilgan koʻrishlar yoki Reellar va kreatorlarga toʻlovlar hisoblanadi.
  11. Normal loyiha yakunida 7 kunlik ushlab turish va koʻrib chiqish davri qoʻllanadi.
  12. OQIM kreatorlarga toʻlovlarni Platforma qoidalariga muvofiq koʻrib chiqadi va amalga oshirishi mumkin.

Foydalanish huquqli Instagram loyihasida quyidagi qoʻshimcha qoidalar qoʻllaniladi:

  • loyiha kartasi va sahifasida Kreatorga "Brend videodan reklamada foydalanadi" belgisi koʻrsatiladi;
  • Kreator dastlabki kontentni yuklashda 4-boʻlimda koʻrsatilgan tasdiqlovni beradi;
  • Brend dastlabki kontentni tasdiqlagandan keyin tasdiqlangan dastlabki kontentning metamaʼlumotlari olib tashlangan asl faylini yuklab olishi mumkin boʻladi, biroq Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangunga qadar undan faqat ichki koʻrib chiqish va texnik tayyorlash maqsadida foydalanishi mumkin; bu davrda Brend video yonida "Huquqlar: faqat ichki foydalanish" holatini koʻradi (14-boʻlim);
  • Tasdiqlangan faylga boʻlgan huquqlar Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan paytda 14-boʻlimga muvofiq oʻtadi; Kreator joylashtirgan Reel Tasdiqlangan fayldan jiddiy farq qilsa, qoʻshilgan yoki oʻzgartirilgan material bu huquqlarga kirmaydi (14-boʻlim);
  • huquqlar uchun Kreatorga qoʻshimcha toʻlov qilinmaydi: Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadining 20 foizi huquqlar uchun haq hisoblanadi (14-boʻlim);
  • agar Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi nol boʻlib qolsa, ushbu dastlabki kontentga boʻlgan huquqlar 14-boʻlimga muvofiq kuchga kirmaydi.

OQIM loyiha turlari va ularning mavjudligi, loyiha mexanikasi, statuslar, ishtirok mezonlari, CPM minimumlari, tekshiruv usullari, kreatorlarga toʻlov jarayonlari va boshqa operatsion qoidalarni Platforma barqarorligi, qonuniylik, xavfsizlik, sifat nazorati, firibgarlikning oldini olish va biznes zaruratlaridan kelib chiqib oʻzgartirishi mumkin. Bunday oʻzgarishlar 36-boʻlimga muvofiq qoʻllaniladi.

10. Instagramsiz loyiha

Instagramsiz loyihada Kreator ariza bermaydi, Instagram akkaunti talab qilinmaydi va video hech qayerda joylashtirilmaydi. Kreator brief asosida video yaratib, uni Platformaga yuklaydi, Brend esa videoni koʻrib chiqadi.

Instagramsiz loyiha quyidagi qoidalar asosida yuritiladi:

  • Brend video narxini va kerakli videolar sonini (oʻrinlar sonini) belgilaydi. Video narxining eng kam miqdori yoʻq: u noldan katta boʻlgan istalgan butun soʻm summasi boʻlishi mumkin. Loyiha byudjeti oʻrinlar sonining video narxiga koʻpaytmasiga teng.
  • Video narxi OQIMning loyiha boʻyicha toʻliq shartnomaviy narxidir. OQIM loyihani koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi. Kreator haqini OQIM alohida belgilaydi va uni Kreatorga video yuklashdan oldin koʻrsatadi. OQIMning ichki marjasi, Kreator bilan hisob-kitobi va xarajatlar tarkibi, qonunchilik yoki taraflarning alohida yozma kelishuvi boshqacha talab qilmasa, Brend uchun alohida narx qismi hisoblanmaydi va Brendga oshkor qilinmaydi. Loyiha byudjeti OQIM loyihani tasdiqlaganda Brend avans balansidan yechiladi.
  • Brend loyihani faqat bitta jinsdagi Kreatorlarga koʻrsatishni tanlashi mumkin.
  • Agar Brend boshqacha belgilamagan boʻlsa, bitta Kreator loyihaga bitta video yuborishi mumkin. Brend bitta Kreatordan 10 tagacha video qabul qilishga ruxsat berishi mumkin.
  • Instagramsiz loyihaning tugash muddati belgilanmaydi.
  • Koʻrib chiqishni kutayotgan video bitta oʻrinni band qiladi. Video rad etilsa, uning oʻrni boʻshaydi.
  • Kreator koʻrib chiqishga yuborilgan videoni qaytarib ololmaydi.
  • Brendga Kreator faqat Kreator kodi bilan koʻrsatiladi; Kreatorning ismi va aloqa maʼlumotlari Brendga berilmaydi.
  • Brend videoni uning koʻrish nusxasi orqali koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi yoki rad etadi. Video faqat uning koʻrish nusxasi va joylashuv hamda qurilma maʼlumotlari olib tashlangan asl fayli tayyor boʻlgandan keyin tasdiqlanishi mumkin.
  • Platforma videoning formati va loyiha talablariga muvofiqligini avtomatik tekshirmaydi; buni Brend koʻrib chiqish jarayonida baholaydi.
  • OQIM videodagi musiqa yoki boshqa uchinchi shaxs audiosiga boʻlgan huquqlar boʻyicha hech qanday vaʼda bermaydi; videoga oʻtadigan huquqlar bunday musiqa va audioni qamrab olmaydi (14-boʻlim).
  • Brend videoni rad etganda har doim sababini koʻrsatadi va rad etish turini tanlaydi: Kreatorga yangi video yuklashga ruxsat beriladi yoki Kreator loyihadan chiqariladi. Loyihadan chiqarilgan Kreator, agar OQIM bu qarorni bekor qilmasa, ushbu loyihaga boshqa video yubora olmaydi.
  • Brend videoni tasdiqlaganda OQIM Kreatorga ushbu video uchun Kreator haqini ushlab turish davrisiz darhol hisoblaydi, Kreatorga tangalar beriladi, videoga boʻlgan huquqlar 14-boʻlimga muvofiq oʻtadi va Brend videoning asl faylini yuklab olishi mumkin boʻladi. Brend tasdiqlangan video yonida huquqlar holatini koʻradi: Kreator haqi toʻlanguncha "Huquqlar: vaqtinchalik", toʻlangandan keyin "Huquqlar: yakuniy" (14-boʻlim). Brend bergan tasdiqni bekor qila olmaydi.
  • Brend asl faylni har safar yuklab olganda Platforma quyidagi ogohlantirishni koʻrsatadi: "Videodagi musiqa va boshqa uchinchi shaxs audiosiga huquqlar Brendga oʻtmaydi. Videoni bunday audio bilan reklamada ishlatishdan oldin Brend zarur huquqlarni alohida tekshirishi va olishi kerak."
  • Brend loyiha davomida oʻrinlar qoʻshishni yoki briefni oʻzgartirishni soʻrashi mumkin. Bunday oʻzgarishlar OQIM tasdiqlagandan keyin kuchga kiradi; qoʻshilgan oʻrinlar narxi OQIM tasdiqlaganda Brend avans balansidan yechiladi.

Instagramsiz loyiha quyidagi tartibda yakunlanadi:

  • Brend loyihani yakunlashni soʻrashi mumkin. Koʻrib chiqishni kutayotgan video mavjud boʻlsa, soʻrov qabul qilinmaydi va Brend avval bunday videolarni koʻrib chiqishi lozim. Soʻrov qabul qilingach, loyiha toʻxtatiladi va yangi videolar qabul qilinmaydi. OQIM yakunlashni tasdiqlagach, foydalanilmagan oʻrinlar narxini (foydalanilmagan oʻrinlar sonining video narxiga koʻpaytmasi) Brend avans balansiga kiritadi.
  • OQIM loyihani oʻz tashabbusi bilan yakunlashi mumkin. Bunday holda koʻrib chiqishni kutayotgan videolar toʻlovsiz yopiladi va OQIM ularning oʻrinlari narxini boshqa foydalanilmagan oʻrinlar narxi bilan birga Brend avans balansiga kiritadi.
  • Barcha oʻrinlar tasdiqlangan videolar bilan toʻlganda loyiha avtomatik ravishda yakunlanadi.

Tasdiqlangan videoni bekor qilish va kreatorga toʻlovni ushlab turish 20-boʻlimda, videoga boʻlgan huquqlar esa 14-boʻlimda belgilangan.

11. Loyihalarni koʻrib chiqish va moderatsiya

OQIM har qanday loyiha, kreator, dastlabki kontent, Reel, video, brief, namunaviy video, logo yoki boshqa materialni quyidagi holatlarda tasdiqlamaslik, rad etish, toʻxtatib turish, cheklash, oʻzgartirishni talab qilish yoki bekor qilish huquqiga ega:

  • qonuniy yoki regulyator xavf mavjud boʻlsa;
  • reklama qonunchiligi, Instagram qoidalari yoki Platforma siyosatlariga zid boʻlsa;
  • taqiqlangan kategoriya yoki taqiqlangan kontent mavjud boʻlsa;
  • foydalanuvchilar xavfsizligi, shaxsiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa;
  • OQIM obroʻsi yoki Platforma yaxlitligiga zarar yetkazish xavfi boʻlsa;
  • soxta, manipulyativ yoki chalgʻituvchi faoliyat aniqlansa yoki gumon qilinsa;
  • maʼlumotlar notoʻgʻri, toʻliq emas yoki chalgʻituvchi boʻlsa;
  • OQIM oqilona ravishda bunday chorani zarur deb hisoblasa.

OQIMning loyihani koʻrib chiqishi yoki tasdiqlashi Brend mahsuloti, reklama daʼvolari, briefdagi koʻrsatmalar yoki kontentning barcha huquqiy jihatlari OQIM tomonidan toʻliq tekshirilganini anglatmaydi.

12. Brendning majburiyatlari

Brend quyidagilar uchun mustaqil javobgar hisoblanadi:

  • loyiha briefining toʻgʻriligi, aniqligi va qonuniyligi;
  • reklama daʼvolari, mahsulot yoki xizmat tavsifi, narxlar, aksiyalar va vaʼdalar;
  • targʻib qilinayotgan mahsulot yoki xizmatning qonuniyligi;
  • zarur reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn, hashtag, yorliq, akkauntni belgilash yoki boshqa belgilarni belgilash;
  • kreatorlarga beriladigan yoʻriqnomalarning qonunchilik, Instagram qoidalari va OQIM siyosatlariga muvofiqligi;
  • kreator kontentidan faqat ruxsat etilgan doirada foydalanish;
  • foydalanish huquqisiz Instagram loyihasi kontentidan pullik reklama yoki boshqa ruxsatsiz tijoriy maqsadlarda foydalanmaslik;
  • Brend Telegram guruhi aʼzolarining tarkibi;
  • avans balansi, pul qaytarish, shartnoma va loyiha boʻyicha OQIM qoidalariga rioya qilish.

Brend oʻzi taqdim etgan brief, ssenariy, logotip, mahsulot haqidagi daʼvolar va boshqa materiallar (jumladan audio, tasvirlar va savdo belgilari) qonuniy ekanini, ulardan loyihada va 14-boʻlimda koʻrsatilgan usullarda foydalanish uchun zarur huquqlarga ega ekanini hamda ular uchinchi shaxslarning huquqlarini buzmasligini kafolatlaydi. Agar Brend videodan undagi musiqa bilan reklamada foydalanmoqchi boʻlsa, musiqaga huquqlarni olish Brendning javobgarligidir (14-boʻlim).

Brend Telegram guruhining har qanday aʼzosi guruhga yuborilgan dastlabki kontent va videolarni tasdiqlashi yoki rad etishi, Instagramsiz loyihada esa Kreatorni loyihadan chiqarishi ham mumkin. Guruh aʼzolarining bunday harakatlari Brendning harakatlari hisoblanadi. Guruh tarkibini Brend boshqaradi. OQIM har bir bunday harakatni bajargan shaxsning Telegram raqamli foydalanuvchi identifikatori (ID) va @username, shuningdek guruh identifikatori bilan qayd etadi. Brend shaxsning vakolati tugashi bilan uni Brend Telegram guruhidan darhol chiqarishi shart. Shaxs guruhdan chiqarilgunga yoki OQIM vakolat bekor qilingani toʻgʻrisida haqiqiyligi tasdiqlangan xabarnoma olgunga qadar OQIM ushbu shaxsning operatsion harakatlariga tayanishi mumkin.

OQIM qoʻllab-quvvatlash xizmati Foydalanuvchining, jumladan Brendning, soʻroviga koʻra uning hisobiga kirib, hisobni sozlashi va unga yordam berishi mumkin. Brend hisobida bu, jumladan, videolarni tasdiqlash yoki rad etish, Kreatorni loyihadan chiqarish yoki loyihani yakunlashni soʻrashni oʻz ichiga olishi mumkin. OQIM har bir bunday harakatni uni bajargan qoʻllab-quvvatlash xodimi, hisob, harakat va uning vaqti bilan qayd etadi. Qoʻllab-quvvatlash xizmati bank rekvizitlarini, shartnomani yoki pul qaytarishni oʻzgartira olmaydi.

Brend OQIM yoki Kreatorni notoʻgʻri, chalgʻituvchi, yashirin, insofsiz, qonunga zid yoki isteʼmolchilarni adashtiruvchi reklama yaratishga, eʼlon qilishga yoki tarqatishga majbur qilishi mumkin emas.

13. Kreatorning majburiyatlari

Kreator quyidagilar uchun mustaqil javobgar hisoblanadi:

  • Platformaga ulangan Instagram akkauntining qonuniy nazorati;
  • kontentning original yoki qonuniy foydalanishga ruxsatli boʻlishi;
  • oʻzi yaratgan va taqdim etgan materiallarda mualliflik huquqi, savdo belgisi, shaxsiy tasvir, shaxsga doir maʼlumot yoki boshqa uchinchi shaxs huquqlarini buzmaslik;
  • Instagramsiz loyihada va foydalanish huquqli Instagram loyihasida videoni oʻzi yaratgani hamda unda oʻzi yaratgan va taqdim etgan materiallarga 14-boʻlimda koʻrsatilgan huquqlarni OQIMga oʻtkazish uchun zarur huquqlarga ega boʻlishi;
  • Instagramsiz loyiha videosida va foydalanish huquqli Instagram loyihasining dastlabki kontentida boshqa tanib boʻladigan shaxs boʻlsa, uning xuddi shu foydalanishga roziligini olish va OQIM soʻraganda bu rozilikni taqdim etish; videoning asosiy ishtirokchisi boʻlmagan fondagi odamlarni tanib boʻlmaydigan qilish;
  • Instagramsiz loyiha videosida va foydalanish huquqli Instagram loyihasining dastlabki kontentida 18 yoshga toʻlmagan shaxsni koʻrsatmaslik;
  • tasdiqlangan brief va loyiha talablariga rioya qilish;
  • briefda yoki OQIM tomonidan talab qilingan reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn, hashtag, akkauntni belgilash, yorliq yoki boshqa belgilarni kiritish;
  • soxta auditoriya faolligi, bot, sunʼiy koʻrish, manipulyatsiya yoki aldovdan foydalanmaslik;
  • Instagram loyihasida Reelni belgilangan muddat davomida ommaviy va mavjud holatda saqlash;
  • soliq, bank kartasi va kreatorga toʻlov maʼlumotlarining toʻgʻriligi;
  • Platforma qoidalariga rioya qilish.

Instagramsiz loyihada va foydalanish huquqli Instagram loyihasida Kreator, Brend taqdim etgan materiallar bundan mustasno, videoning yagona muallifi va ijrochisi ekanini yoki har bir hammuallif, ijrochi, operator, ssenariy muallifi, bastakor yoki boshqa huquq egasidan 14-boʻlimda koʻrsatilgan huquqlarni oʻtkazish va ulardan foydalanish uchun zarur barcha huquq va ruxsatlarni olganini tasdiqlaydi.

Kreator videoga oʻzi qoʻshgan musiqa, audio va boshqa uchinchi shaxs materiallaridan videoni ushbu Shartlarda nazarda tutilgan tarzda foydalanish uchun zarur huquqlarga ega ekanini tasdiqlaydi.

Kreatorning ushbu boʻlimdagi kafolatlari Brend taqdim etgan va Kreator oʻzgartirmasdan foydalangan materiallarga taalluqli emas (12-boʻlim).

Kreator Instagram loyihasida tasdiqlanmagan kontentni joylashtirmasligi va tasdiqlangan kontentni OQIM yoki Brend roziligisiz moddiy jihatdan oʻzgartirmasligi lozim. Kreator Brend briefi yoki OQIM qoidalariga zid harakat qilmasligi lozim.

14. Kontentga boʻlgan huquqlar va litsenziya

Kreator oʻzi yaratgan kontentga boʻlgan mualliflik va boshqa qonuniy huquqlarni saqlab qoladi. Instagramsiz loyihada va foydalanish huquqli Instagram loyihasida Brend tasdiqlagan videolarga ushbu boʻlimda belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.

Foydalanish huquqisiz Instagram loyihasi. Foydalanish huquqisiz Instagram loyihasida ishtirok etish orqali Kreator loyiha Brendiga OQIM tizimi orqali va uning shartlariga muvofiq loyiha bilan bogʻliq cheklangan, oddiy (mutlaq boʻlmagan), oʻtkazib berilmaydigan, sublitsenziya berish huquqisiz va faqat organik foydalanish uchun litsenziya beradi.

Mazkur litsenziya doirasida Brend quyidagilarga haqli boʻlishi mumkin:

  • Kreator tomonidan joylashtirilgan loyiha Reelini organik tarzda qayta ulashish;
  • loyiha bilan bogʻliq organik ijtimoiy tarmoqlarda ulashish;
  • Brendning veb-sayti, ichki taqdimot materiallari yoki loyiha bilan bogʻliq organik marketing materiallarida koʻrsatish;
  • loyiha natijalarini ichki marketing va tahlil maqsadlarida koʻrish.

Brend foydalanish huquqisiz Instagram loyihasi kontenti boʻyicha quyidagilarni OQIM va/yoki Kreatorning alohida yozma ruxsatisiz amalga oshira olmaydi:

  • kontentdan pullik reklama yoki reklama kabinetlarida foydalanish;
  • kontentni Kreator akkaunti nomidan reklama yuritish, yashirin reklama posti yoki shunga oʻxshash pullik media formatlarida ishlatish;
  • kontent boʻyicha sublitsenziya berish;
  • kontentni sotish, qayta sotish yoki uchinchi shaxsga tijoriy foydalanish uchun berish;
  • kontentdan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun foydalanish;
  • kontentdan televideniye, tashqi reklama, marketplace, banner yoki boshqa keng tijoriy reklama formatlarida foydalanish;
  • kontentni Kreator obroʻsiga zarar yetkazadigan, chalgʻituvchi yoki mazmunini buzadigan tarzda oʻzgartirish.

Foydalanish huquqisiz Instagram loyihasining dastlabki kontenti Brendga faqat koʻrish nusxasi sifatida koʻrsatiladi; Brend dastlabki kontent fayllarini olmaydi.

Agar Brend kontentdan mazkur Shartlar yoki alohida yozma kelishuvdan tashqari doirada foydalansa, bunday foydalanish uchun Brendning oʻzi javobgar boʻladi. OQIM Brendning ruxsatsiz pullik reklama yoki boshqa ruxsatsiz foydalanishi uchun javobgar hisoblanmaydi. Shu bilan birga, OQIM bunday holat yuzasidan Brend akkauntini cheklashi, loyihani toʻxtatishi, nizoni koʻrib chiqishi yoki boshqa choralar koʻrishi mumkin.

Instagramsiz loyiha va foydalanish huquqli Instagram loyihasi. Ushbu boʻlimning quyidagi qoidalari Instagramsiz loyihada Brend tasdiqlagan videoga hamda foydalanish huquqli Instagram loyihasida Brend tasdiqlagan dastlabki kontentga qoʻllaniladi; quyida ikkalasi ham "video" deb ataladi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida ushbu boʻlimdagi "Kreator haqi" deganda Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi tushuniladi.

Bunday videoga quyidagilar qoʻllaniladi:

  • video tasdiqlangunga qadar Brend uni faqat koʻrish nusxasi orqali Platformada va Brend Telegram guruhida koʻradi va videoga nisbatan hech qanday huquq olmaydi;
  • Brend oʻzi tasdiqlamagan videolarga, jumladan rad etilgan, almashtirilgan yoki koʻrib chiqilmasdan yopilgan videolarga nisbatan hech qanday huquq olmaydi;
  • Brend tasdiqlangan videoning asl faylini yuklab olishi mumkin; Brend yuklab oladigan fayldan joylashuv va qurilma maʼlumotlari (metamaʼlumotlar) olib tashlanadi; har bir yuklab olishda Platforma 10-boʻlimda koʻrsatilgan musiqa haqidagi ogohlantirishni koʻrsatadi;
  • foydalanish huquqli Instagram loyihasida huquqlar kuchga kirgunga qadar Brend asl fayldan faqat quyida koʻrsatilgan ichki maqsadlarda foydalanadi.

Huquqlarning oʻtishi. Instagramsiz loyihada Brend videoni tasdiqlagan paytda, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa quyida koʻrsatilgan paytda Kreator shartnomasiga muvofiq Kreator ushbu boʻlimda aniq koʻrsatilgan foydalanish usullari boʻyicha videoga doir mutlaq mulkiy huquqlarini hamda qonunchilikka koʻra oʻtkazilishi mumkin boʻlgan ijrochining mulkiy huquqlarini OQIMga 5 yil muddatga, butun dunyo hududida oʻtkazadi; bu muddat Instagramsiz loyihada video tasdiqlangan kundan, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa huquqlar oʻtgan kundan, yaʼni Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan kundan boshlab hisoblanadi. Kreator OQIM ushbu huquqlarni loyiha Brendiga oʻtkazishiga oldindan va bevosita rozilik beradi. OQIM mazkur huquqlarni Brendga ular OQIMga oʻtgan paytda oʻtkazadi. Brend oladigan mutlaq huquqlar ushbu boʻlimda saqlab qolingan Kreatorning organik joylashtirish huquqi va OQIMning saqlab qolingan huquqlari bilan cheklanadi. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari oʻtkazilmaydi.

Foydalanish huquqli Instagram loyihasida Brend Tasdiqlangan faylni tasdiqlaganidan keyin, Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangunga qadar Brend Tasdiqlangan fayldan faqat ichki koʻrib chiqish va texnik tayyorlash maqsadida foydalanishi mumkin. Ushbu davrda Brend videoni eʼlon qilmaydi, ommaga yetkazmaydi, pullik yoki organik reklamada ishlatmaydi va uchinchi shaxsga foydalanish uchun bermaydi.

Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan paytda ushbu boʻlimda koʻrsatilgan huquqlar OQIMga va OQIM orqali Brendga oʻtadi hamda OQIMning saqlab qolingan litsenziyasi kuchga kiradi. Huquqlar uchun 20 foiz va OQIM litsenziyasi uchun 5 foiz haq shu daromaddan hisoblanadi.

Agar Kreatorning yakuniy daromadi nol boʻlib qolsa, ushbu huquqlar va OQIMning saqlab qolingan litsenziyasi kuchga kirmaydi. Brend va OQIM Tasdiqlangan fayldan yangi foydalanishni toʻxtatadi hamda oʻz nazoratidagi foydalanish nusxalarini oʻchiradi yoki foydalanib boʻlmaydigan holatga keltiradi, qonun yoki audit talabi bilan saqlanishi lozim boʻlgan nusxalar bundan mustasno. Bu, jumladan, dastlabki kontent tasdiqlangan, biroq Reel joylashtirilmagan, Reel ushlab turish davrida oʻchirilgan, loyiha Reel daromad keltirgunga qadar yakunlangan yoki daromad toʻlanmaydigan deb topilgan holatlarga taalluqli. OQIM bu haqda Brendga bildirishnoma yuboradi. Kreatorning yakuniy daromadi nol boʻlib qolishi va shu sababli huquqlarning kuchga kirmasligi oʻz-oʻzidan Brendga avans balansiga qaytarish yoki boshqa kompensatsiya olish huquqini bermaydi (20-boʻlim).

Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi loyiha yakunlanib, 16-boʻlimda belgilangan 7 kunlik ushlab turish davri oʻtgandan keyin, bu davr 16-boʻlimga muvofiq qoʻllanilmagan hollarda esa loyiha yakunlanganda aniqlanadi.

Tasdiqlangan fayl. Huquqlar Tasdiqlangan faylga va uning jiddiy ijodiy oʻzgarishlarsiz texnik versiyalariga oʻtadi. OQIM Tasdiqlangan faylning barmoq izini (xesh) qayd etadi. Tasdiqlangan fayldan keyin qoʻshilgan yoki oʻzgartirilgan, undan jiddiy farq qiladigan material, jumladan foydalanish huquqli Instagram loyihasida Kreator joylashtirgan Reeldagi bunday material, alohida tasdiqlanib qayd etilmagan boʻlsa, oʻtkazilgan huquqlarga kirmaydi.

Oʻtkaziladigan huquqlar quyidagi foydalanish usullarini qamrab oladi:

  1. videoni toʻliq yoki qisman, istalgan formatda va sifatda takrorlash (nusxalash);
  2. video nusxalarini tarqatish;
  3. videoni Internet orqali barchaning foydalanishi uchun yetkazish (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar, ilovalar, marketpleyslar, messenjerlar, elektron pochta);
  4. videoni omma oldida namoyish etish (doʻkonlardagi ekranlar, tadbirlar, tashqi raqamli ekranlar);
  5. videoni efir orqali, kabel va internet televideniyesi orqali uzatish hamda qayta uzatish;
  6. videodan istalgan platformada organik va pullik reklamada foydalanish;
  7. videoni tahrirlash va moslashtirish: qisqartirish, kadrni kesish, oʻlchami va formatini oʻzgartirish, subtitr qoʻshish, tarjima va dublyaj qilish, musiqa, logotip, grafika va harakatga chaqiruv qoʻshish, boshqa materiallar bilan birlashtirish, undan alohida kadrlar, muqovalar va qisqa parchalar tayyorlash;
  8. video nusxalarini import qilish.

Keyingi oʻtkazish vakolati. Kreator, shuningdek, Brend ushbu huquqlarni toʻliq yoki qisman oʻzining marketing xizmatlari koʻrsatuvchilari, media xaridorlari, reklama platformalari, pudratchilari va guruh kompaniyalariga oʻtkazishiga yoki ularga foydalanish huquqini berishiga oldindan rozilik beradi. Bu alohida foydalanish usuli emas, balki yuqoridagi foydalanish usullari boʻyicha huquqlarni keyingi oʻtkazish vakolatidir.

OQIMning saqlab qolingan huquqlari. Huquqlar Brendga oʻtishidan oldin Kreator OQIMga 5 yil muddatga, butun dunyo hududida amal qiladigan oddiy (mutlaq boʻlmagan), oʻtkazib berilmaydigan litsenziya beradi. Instagramsiz loyihada litsenziya muddati video tasdiqlangan kundan boshlab hisoblanadi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida bu litsenziya yuqorida koʻrsatilgan paytda kuchga kiradi, uning 5 yillik muddati shu kundan hisoblanadi, Kreatorning yakuniy daromadi nol boʻlib qolsa esa litsenziya kuchga kirmaydi. OQIMning xizmat koʻrsatuvchilari videoni OQIM koʻrsatmalari asosida qayta ishlashi litsenziyani oʻtkazish hisoblanmaydi. Litsenziya quyidagi maqsadlarni qamrab oladi:

  • videoni Platformani yuritish, moderatsiya qilish, himoya qilish, tekshiruvlar oʻtkazish va yaxshilash uchun zarur boʻlgan darajada takrorlash, qayta ishlash va koʻrsatish;
  • videodan OQIMning oʻz keyslari va ishlar portfoliosida foydalanish, biroq uchinchi shaxslar foydasiga pullik reklamada emas;
  • OQIMning oʻz sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish, baholash va yaxshilash.

Bu litsenziya hech qachon videodagi biror shaxsning sunʼiy intellekt avatarini, sintetik ovozini yoki boshqa taqlidini yaratishga ruxsat bermaydi. Kreatordan boshqa tanib boʻladigan shaxs koʻringan videodan, agar ushbu shaxsning roziligi bunday foydalanishni aniq qamrab olmasa, sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun foydalanilmaydi.

Litsenziya muddati tugaganda, video bekor qilinganda yoki rozilik qaytarib olinganda OQIM manba videodan yangi foydalanishni toʻxtatadi va uni oqilona operatsion muddat ichida faol oʻqitish maʼlumotlar toʻplamlaridan chiqaradi. Bu oldingi qonuniy oʻqitish natijasida yaratilgan umumiy model parametrlarini, agar ular shaxsni yoki videoni oʻz ichiga olmasa, takrorlamasa, aniqlamasa va ularning taqlidini yaratishga imkon bermasa, oʻchirishni talab qilmaydi.

Brendning mutlaq huquqlari ushbu litsenziya bilan cheklanadi.

Musiqa. Videoga oʻtadigan huquqlar videodagi musiqa va boshqa uchinchi shaxs audiosini qamrab olmaydi. OQIM musiqaga boʻlgan huquqlar boʻyicha hech qanday vaʼda bermaydi. Agar Brend videodan undagi musiqa bilan reklamada foydalanmoqchi boʻlsa, musiqaga huquqlarni olish Brendning javobgarligidir.

Sunʼiy intellekt taqlidlari taqiqlanadi. Videodan Kreatorning yoki videodagi boshqa shaxsning sunʼiy intellekt avatarini, sintetik ovozini yoki boshqa sunʼiy intellekt taqlidini yaratish uchun foydalanish mumkin emas.

Shaxsiy nomulkiy huquqlar. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari Kreatorda qoladi. Videoga kiritiladigan oʻzgartirishlar Kreatorning shaʼni, qadr-qimmati yoki obroʻsiga zarar yetkazmasligi kerak.

Huquqlar uchun haq. Huquqlar uchun haq Kreator haqining 20 foizini tashkil etadi va yuqoridagi 8 ta foydalanish usuli oʻrtasida teng taqsimlanadi. OQIMning saqlab qolingan litsenziyasi uchun haq Kreator haqining 5 foizini tashkil etadi. Ushbu 5 foiz litsenziya doirasidagi takrorlash, qayta ishlash (moslashtirish) hamda ommaga yetkazish yoki koʻrsatish usullari oʻrtasida teng taqsimlanadi. Litsenziyada koʻrsatilgan uch maqsad ushbu foydalanish usullarining ruxsat etilgan doirasini cheklaydi. Kreator haqining qolgan 75 foizi videoni yaratish va ijro etish uchun haq hisoblanadi. Mazkur taqsimot Kreator haqining umumiy miqdorini oʻzgartirmaydi. Instagramsiz loyihada video tasdiqlanganda Platforma bu summalarning aniq soʻm miqdorini qayd etadi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadining (koʻrishlar uchun yoki har bir Reel uchun summalar) 20 foizi huquqlar uchun haq, 5 foizi esa OQIMning saqlab qolingan litsenziyasi uchun haq hisoblanadi va ular xuddi shunday taqsimlanadi; huquqlar uchun qoʻshimcha toʻlov qilinmaydi. Platforma bu summalarni yakuniy daromad aniqlanganda qayd etadi.

Agar majburiy qonunchilik muayyan foydalanish usuli uchun yuqoriroq eng kam haq belgilasa, oʻsha qonuniy eng kam haq avtomatik ravishda qoʻllaniladi.

Kreatorning saqlab qolingan organik joylashtirish huquqi. Kreator tasdiqlangan videoni faqat oʻzining shaxsiy ijtimoiy tarmoq akkauntlarida organik tarzda joylashtirish boʻyicha oʻtkazib berilmaydigan va sublitsenziya qilinmaydigan huquqni saqlab qoladi; bunday joylashtirish uchun haq toʻlanmaydi. Kreator bunday videoni pullik targʻib qilmaydi, sotmaydi, uchinchi shaxsga litsenziya bermaydi, boshqa brend uchun ishlatmaydi va boshqa homiylik bilan bogʻlamaydi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida Kreator loyiha boʻyicha oʻz Instagram akkauntida joylashtirgan Reel shu akkauntda qoladi. OQIM yoki Brend organik postni faqat quyidagi sabablardan biri boʻlganda olib tashlashni soʻrashi mumkin: qonun talabi, shaxsiy hayot daxlsizligi, mahsulotning savdodan qaytarib olinishi, reklama xavfsizligi yoki uchinchi shaxslar huquqlari.

Tasvir va ovozdan foydalanishga rozilik. Kreator video yuklashda (foydalanish huquqli Instagram loyihasida — dastlabki kontentni yuklashda) alohida rozilik beradi: OQIM va loyiha Brendi videodagi Kreatorning tasviri, tashqi koʻrinishi, ovozi, ijrosi hamda videoda koʻrsatilgan ismi yoki foydalanuvchi nomidan (username) faqat shu video tarkibida, organik va pullik reklamada, yuqorida koʻrsatilgan foydalanish usullari va kanallarida, butun dunyo hududida, 5 yil davomida foydalanishi mumkin; bu muddat Instagramsiz loyihada video tasdiqlangan kundan, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa huquqlar oʻtgan kundan boshlab hisoblanadi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida huquqlar kuchga kirgunga qadar Brend bu rozilikdan faqat ichki koʻrib chiqish va texnik tayyorlash doirasida foydalanadi. Videoni tahrirlash mumkin, biroq Kreator haqida chalgʻituvchi, haqoratli yoki uning shaʼniga zarar yetkazadigan tarzda emas. Kreator bu rozilikni qonunchilikda nazarda tutilgan doirada qaytarib olishi mumkin; qaytarib olish kuchga kirgunga qadar qonuniy amalga oshirilgan foydalanish noqonuniy boʻlib qolmaydi. Rozilik qonuniy qaytarib olinganda OQIM bu haqda Brendga xabar beradi. Brend 5 ish kuni ichida, texnik va huquqiy jihatdan imkon boʻlgan darajada, ushbu rozilikka bogʻliq boʻlgan yangi foydalanishni, oʻz nazoratidagi faol reklamani va oʻz nazoratidagi davom etayotgan joylashtirishni toʻxtatadi.

5 yillik muddat tugashi. 5 yillik muddat Instagramsiz loyihada video tasdiqlangan kundan, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa huquqlar oʻtgan kundan (Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan kundan) boshlab hisoblanadi. Huquqlar amal qilgan davrda yakunlangan foydalanish harakatlari qonuniy boʻlib qoladi va muddat tugashi ularga orqaga qarab taʼsir qilmaydi. Muddat tugagan paytdan boshlab Brend videoga boʻlgan mulkiy huquqni talab qiladigan hech qanday harakatni boshlamaydi va davom ettirmaydi, jumladan faol pullik reklamani va oʻz nazoratidagi davom etayotgan onlayn joylashtirishni. Muddat tugashidan oldin uchinchi shaxslarga qonuniy berilgan nusxalar faqat muddat tugagani sababli orqaga qarab noqonuniy boʻlib qolmaydi.

Huquqlar holati. Brend har bir tasdiqlangan video yonida huquqlar holatini koʻradi. Holat quyidagi uch belgidan biri boʻladi:

  • "Huquqlar: faqat ichki foydalanish" — faqat foydalanish huquqli Instagram loyihasida, Brend Tasdiqlangan faylni tasdiqlagan paytdan huquqlar oʻtgunga qadar koʻrsatiladi. Bu davrda Brend fayldan faqat ichki koʻrib chiqish va texnik tayyorlash maqsadida foydalanishi mumkin; videoni eʼlon qilish, ommaga yetkazish va reklamada ishlatish mumkin emas. Bu davrda ham OQIM dastlabki kontentni quyidagi asoslar boʻyicha bekor qilishi mumkin.
  • "Huquqlar: vaqtinchalik" — ushbu boʻlimdagi huquqlar amalda va Brend ulardan foydalanishi mumkin, biroq OQIM ularni quyidagi asoslar boʻyicha bekor qilishi mumkin. Bu holat Instagramsiz loyihada video tasdiqlangan paytdan ushbu video uchun Kreator haqi toʻlanguncha, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa huquqlar oʻtgan paytdan Kreatorning ushbu loyihadagi daromadi toʻlanguncha koʻrsatiladi.
  • "Huquqlar: yakuniy" — tegishli Kreator haqi yoki daromadi Kreatorga toʻlangandan keyin koʻrsatiladi; shundan keyin quyidagi bekor qilish qoidasi qoʻllanilmaydi.

Tasdiqlangan videoni bekor qilish. Instagramsiz loyihada tasdiqlash paytida, foydalanish huquqli Instagram loyihasida esa yuqorida koʻrsatilgan paytda huquqlar OQIMga va darhol Brendga oʻtadi. Ushbu video uchun Kreator haqi toʻlangunga qadar bu huquqlar OQIMning ushbu bandda nazarda tutilgan bekor qilish huquqiga bogʻliq boʻladi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida OQIM dastlabki kontentni xuddi shu asoslar boʻyicha huquqlar kuchga kirgunga qadar ham bekor qilishi mumkin; bunday holda huquqlar kuchga kirmaydi. OQIM videoni faqat inson tomonidan koʻrib chiqilgandan keyin va faqat quyidagi asoslardan biri tasdiqlanganda bekor qilishi mumkin:

  1. video oʻgʻirlangan yoki boshqa shaxsning asaridan koʻchirib olingan yoxud videoda uchinchi shaxsning mualliflik yoki ijrochilik huquqi bilan bogʻliq jiddiy nuqson mavjud;
  2. videoni yuborishga jiddiy taʼsir qilgan soxta yoki takroriy shaxs yoxud hisob;
  3. oʻtkazilgan video uchun zarur boʻlgan huquq yoʻq yoki haqiqiy emas;
  4. videodagi boshqa tanib boʻladigan shaxsning zarur roziligi yoʻq yoki haqiqiy emas, jumladan videoda 18 yoshga toʻlmagan shaxs mavjud;
  5. mazkur Shartlarda aniq koʻrsatilgan va OQIMni huquqlarni qonuniy oʻtkazish yoki saqlab qolish imkoniyatidan mahrum qiladigan boshqa jiddiy firibgarlik holati.

5-asos maqsadida mazkur Shartlar quyidagilarni jiddiy firibgarlik holatlari sifatida aniq belgilaydi. Quyidagi holatlarning har biri 20-boʻlim maqsadida jiddiy qoidabuzarlik boʻlishi mumkin. Ushbu boʻlimdagi 5-asos boʻyicha videoga boʻlgan huquqlar faqat tegishli holat OQIMning ushbu huquqlarni qonuniy ravishda oʻtkazish yoki saqlab qolish imkoniyatiga jiddiy taʼsir qilgan taqdirda bekor qilinadi.

  • videoni yuborishda yoki u boʻyicha tasdiqlovlarda soxta yoki qalbaki hujjat, rozilik yoxud maʼlumot taqdim etish;
  • videoni yuborish uchun boshqa shaxsning akkaunti yoki identifikatsiyasidan foydalanish, akkauntni boshqa shaxsga berish yoki sotish (26-boʻlim);
  • videoning kelib chiqishi yoki unga boʻlgan huquqlar haqida OQIM yoki Brendni ataylab chalgʻitish;
  • boshqa shaxsning tasviri yoki ovozini uning roziligisiz sunʼiy intellekt yoki boshqa vositalar bilan yaratish, almashtirish yoki taqlid qilish (deepfake);
  • videoga boʻlgan mutlaq huquqlarni ilgari boshqa shaxsga oʻtkazgan yoki ushbu boʻlim boʻyicha oʻtkaziladigan huquqlarga zid boʻlgan yoxud ularni jiddiy cheklaydigan litsenziya yoki boshqa huquq bergan holda videoni yuborish;
  • bir xil yoki deyarli bir xil videoni turli Loyihalarga yoki turli akkauntlardan qayta yuborish;
  • koʻrishlar, layklar, izohlar yoki boshqa koʻrsatkichlarni botlar, sotib olingan faollik yoki boshqa sunʼiy usullar bilan oshirish;
  • toʻlovni olish uchun Reelni oʻchirib, almashtirib yoki yashirib, uni qayta joylash yoki natijalarni boshqacha soxtalashtirish;
  • Brend, uning vakili yoki boshqa Kreator bilan til biriktirib, tasdiqlash yoki toʻlovni noqonuniy olish;
  • Loyihani yoki Brend bilan hisob-kitobni OQIMni chetlab oʻtish maqsadida Platformadan tashqariga olib chiqish.

4-asos boʻyicha bekor qilish uchun Kreator ataylab yolgʻon maʼlumot berganini isbotlash talab qilinmaydi.

Brend bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgan paytdan ushbu boʻlimga muvofiq oʻtgan huquqlar tugaydi. Brend videodan yangi foydalanishni va oʻz nazoratidagi davom etayotgan foydalanishni toʻxtatadi, uni faol reklamalardan olib tashlaydi, oʻz nazoratidagi nusxalarini oʻchiradi yoki foydalanib boʻlmaydigan holatga keltiradi va videoni olgan marketing xizmatlari koʻrsatuvchilari, media xaridorlari, reklama platformalari, pudratchilari va guruh kompaniyalariga ham shunday qilishni topshiradi. Qonun yoki audit talabi bilan yoxud oʻzgartirib boʻlmaydigan zaxira tizimlarida saqlanadigan nusxalar qolishi mumkin, biroq ulardan tijoriy maqsadda foydalanilmaydi. Bildirishnoma olingunga qadar tasdiq asosida qonuniy amalga oshirilgan foydalanish orqaga qarab noqonuniy deb hisoblanmaydi. Bekor qilishning moliyaviy oqibatlari 20-boʻlimda belgilangan.

Brend tasdiqlangan videodan foydalanish, jumladan bunday foydalanishning reklama qonunchiligiga muvofiqligi uchun mustaqil javobgar hisoblanadi.

OQIM Platformaga yuklangan videolarni va ularning koʻrish nusxalarini Maxfiylik siyosatida belgilangan muddatlarda saqlaydi va Maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlaydi.

15. OQIMning marketing va keys huquqlari

OQIM yakunlangan loyihalar, ommaviy loyiha materiallari, Brend nomi va logosi, Kreator username/profil koʻrinishi, skrinshotlar, muqova tasvirlari, umumlashtirilgan yoki loyiha darajasidagi natijalar hamda maxfiy boʻlmagan loyiha maʼlumotlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishi mumkin:

  • OQIM veb-sayti;
  • savdo va taqdimot materiallari;
  • investor materiallari;
  • portfolio;
  • keys materiallari;
  • ichki tahlil;
  • Platformani namoyish qilish va rivojlantirish.

OQIM Kreator kontentidan pullik reklamada yoki keng tijoriy reklama maqsadlarida alohida ruxsatsiz foydalanmaydi.

Brend maxfiylik talabini yozma ravishda bildirishi mumkin. OQIM bunday soʻrovni koʻrib chiqadi va maxfiy yoki sezgir loyiha maʼlumotlarini ruxsatsiz oshkor qilmaslik choralarini koʻradi.

16. Reelni ommaviy holatda saqlash va 7 kunlik ushlab turish davri

Ushbu boʻlim faqat Instagram loyihalariga qoʻllaniladi. Instagramsiz loyihada ushlab turish davri qoʻllanilmaydi.

Normal Instagram loyihasi yakunida Kreator tasdiqlangan loyiha Reelini loyiha davomida va loyiha tugaganidan keyin 7 kalendar kun davomida Instagramda ommaviy, faol, koʻrish mumkin va moddiy jihatdan oʻzgartirilmagan holatda saqlashi shart.

OQIM loyiha tugaganidan keyingi 7 kun davomida har kuni Reel mavjudligini, ommaviy ekanligini va koʻrish mumkinligini tekshirishi mumkin. Loyiha tugaganidan keyingi 7-muvaffaqiyatli tekshiruvdan soʻng tegishli kreatorga toʻlov summasi ushlab turish holatidan toʻlovga loyiq deb topilgan holatga yoki keyingi toʻlov jarayoniga oʻtkazilishi mumkin.

Agar Reel ushbu davrda oʻchirilsa, arxivlansa, yashirilsa, yopiq holatga oʻtkazilsa, koʻrish cheklansa, moddiy jihatdan oʻzgartirilsa yoki boshqa sabab bilan mavjud boʻlmasa, OQIM quyidagi choralarni koʻrishi mumkin:

  • hali toʻlanmagan kreator daromadini ushlab qolish;
  • kreatorga toʻlovni kamaytirish yoki bekor qilish;
  • ishtirokni haqiqiy emas deb belgilash;
  • Kreatorni loyihadan chetlatish;
  • akkauntni cheklash yoki vaqtincha toʻxtatib qoʻyish;
  • agar toʻlov allaqachon amalga oshirilgan boʻlsa, summani qaytarishni talab qilish yoki keyingi kreator daromadidan hisobga olish.

Kreator daromadini butunlay kamaytirish, bekor qilish, qaytarib olish yoki boshqa daromaddan hisobga olish faqat 20-boʻlimda belgilangan asoslar va inson tomonidan koʻrib chiqish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar Brend faol Instagram loyihasini bekor qilsa, Kreatorlar Brend sababli yuzaga kelgan erta yakunlanish uchun qoʻshimcha 7 kunlik loyiha tugaganidan keyingi ushlab turish davrini kutishga majbur boʻlmasligi mumkin. Bunday holatda OQIM tekshirilgan natijalar asosida tegishli summani hisoblab, firibgarlik va tekshiruv huquqini saqlagan holda toʻlov jarayoniga oʻtkazishi mumkin.

17. Koʻrishlarni hisoblash va tekshiruv

OQIM Instagram loyihasi natijalari va bunday loyiha boʻyicha Kreator daromadini Platforma yozuvlari, avtomatik nazorat tekshiruvlari, qoʻlda tekshiruvlar va uchinchi tomon maʼlumot manbalari, jumladan Apify va Instagramdagi ommaviy maʼlumotlar asosida hisoblaydi.

Agar avtomatik maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, kechiksa, toʻliq boʻlmasa, oʻtkazib yuborilsa, nomuvofiq boʻlsa yoki bahsli boʻlsa, OQIM quyidagilardan birini yoki bir nechtasini qoʻllashi mumkin:

  • oxirgi tekshirilgan nazorat tekshiruviga tayanish;
  • qoʻshimcha dalillar soʻrash;
  • qoʻlda koʻrib chiqish oʻtkazish;
  • muqobil dalillarni qabul qilish yoki rad etish;
  • toʻlovga loyiq deb topilgan koʻrishlarni oqilona diskretsiyasi asosida belgilash.

OQIM Instagram/Meta oʻzgarishlari, API yoki avtomatlashtirilgan maʼlumot yigʻish cheklovlari, Apify nosozligi, internet yoki hosting muammolari, oʻchirilgan yoki yopiq kontent, koʻrsatkichlar mavjud emasligi, akkaunt cheklanishi, koʻrinish cheklanishi yoki uchinchi tomon maʼlumotlaridagi xatoliklar uchun javobgar boʻlmaydi.

OQIM sotuvlar, konversiya, auditoriya faolligi, investitsiya qaytimi, brend koʻrsatkichlarining oʻsishi, xaridlar, obunachilar sonining oʻsishi yoki auditoriya xatti-harakatlarini kafolatlamaydi.

18. CPM, byudjet va kreator daromadi hisob-kitobi

Instagram loyihasi boʻyicha Brend uchun CPM yoki har bir Reel uchun qatʼiy summa, byudjet va maqsadli koʻrishlar Platforma interfeysi, admin sozlamalari yoki alohida kelishuvga muvofiq belgilanadi. Kreatorga koʻrsatiladigan CPM yoki har bir Reel uchun summani OQIM alohida belgilaydi. Instagramsiz loyiha boʻyicha video narxi, byudjet va Kreator haqi 10-boʻlimga muvofiq belgilanadi.

Brend loyiha uchun OQIMga toʻlaydi, Kreator daromadini esa OQIM oʻz majburiyati sifatida Kreatorga toʻlaydi (2-boʻlim). Loyiha byudjeti Brendning OQIM xizmatlari uchun toʻlaydigan avansidir; u Kreatorlar uchun ajratilgan yoki Kreatorlar uchun saqlanadigan pul emas. Brend narxlari bilan Kreatorga koʻrsatiladigan stavkalar oʻrtasidagi farq, OQIMning marjasi va Kreatorlar bilan hisob-kitobi Brendga oshkor qilinmaydi.

OQIM Kreatorga Platformada koʻrsatilgan yoki OQIM qoidalariga muvofiq hisoblangan kreator daromadidan alohida komissiya ushlab qolmaydi. Qonunchilikka muvofiq ushlab qolinadigan soliq 19-boʻlimda belgilangan.

Kreator Platformada unga koʻrsatilgan CPM, kreator daromadi yoki toʻlovga loyiq deb topilgan summani 100% olishga haqli boʻlishi mumkin (19-boʻlimga muvofiq ushlab qolinadigan soliq bundan mustasno), agar tekshiruv, Instagram loyihalarida ushlab turish davri, toʻlov olishga muvofiqlik, soliq, bank va qonuniy talablar, qoidabuzarliklar boʻyicha tekshiruv hamda boshqa Platforma shartlari bajarilgan boʻlsa.

Instagram loyihasi koʻrishlari maqsadli koʻrishlardan oshib ketsa, Brend loyiha byudjetidan ortiq toʻlamaydi. Bunday holatda Kreatorlarga toʻlanadigan koʻrishlar jami maqsadli koʻrishlar doirasida mutanosib ravishda yoki Platforma hisoblash qoidalariga muvofiq qayta hisoblanishi mumkin.

Platformadagi CPM, maqsadli koʻrishlar, prognoz yoki taxminiy natijalar sotuv, konversiya, aniq koʻrishlar soni yoki tijoriy natija kafolati emas. OQIM faqat Platforma qoidalariga muvofiq tekshirilgan natijalar asosida hisob-kitob qiladi.

19. Kreatorlarga toʻlovlar va soliq majburiyatlari

Instagram loyihasi boʻyicha Kreator daromadi loyiha yakuni, tekshirilgan natijalar, OQIM tomonidan koʻrib chiqish, 16-boʻlimda belgilangan ushlab turish davri, firibgarlik tekshiruvi, toʻlov olishga muvofiqlik va boshqa Platforma qoidalariga bogʻliq. Instagramsiz loyiha boʻyicha Kreator daromadi Brend videoni tasdiqlagan paytda ushlab turish davrisiz hisoblanadi, biroq firibgarlik tekshiruvi, toʻlov olishga muvofiqlik va boshqa Platforma qoidalariga bogʻliq boʻlib qoladi.

OQIM Kreatorga Platformada koʻrsatilgan yoki OQIM qoidalariga muvofiq hisoblangan kreator daromadidan alohida komissiya ushlab qolmaydi. Biroq OQIM qoidabuzarlik, firibgarlik, notoʻgʻri maʼlumot, Reel mavjud emasligi, Brend tomonidan faol Instagram loyihasi bekor qilinishi yoki Platforma qoidalarida nazarda tutilgan boshqa sabablar mavjud boʻlsa, kreator daromadini tekshirish, ushlab turish, kamaytirish, bekor qilish yoki qayta hisoblash huquqini, texnik, bank, soliq yoki qonuniy sabablar mavjud boʻlsa esa toʻlovni kechiktirish huquqini saqlab qoladi. Kreator daromadini butunlay kamaytirish, bekor qilish, qaytarib olish yoki boshqa daromaddan hisobga olish faqat 20-boʻlimda belgilangan asoslar va inson tomonidan koʻrib chiqish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Kreatorga toʻlov uning toʻlanadigan kreator daromadi 100 000 soʻmga yetganidan keyin amalga oshiriladi. OQIM toʻlovlarni Kreatorning Platformada saqlangan bank kartasiga istalgan kunda yuboradi; toʻlovlar uchun oylik yoki boshqa belgilangan sanalar mavjud emas va OQIM aniq toʻlov sanasini vaʼda qilmaydi. Toʻlov vaqti texnik, bank, qonunchilikka muvofiqlik, firibgarlikni tekshirish, hujjat yetishmasligi, uchinchi tomon nosozligi yoki operatsion sabablar bilan kechiktirilishi mumkin.

OQIM soliqlarni Kreatorning soliq maqomi va amaldagi qonunchilikka muvofiq qoʻllaydi. Amaldagi qonunchilik OQIMni soliq agenti deb belgilagan hollarda OQIM tegishli soliqni Kreatorning tasdiqlangan soliq maqomi va qonunchilikka muvofiq hisoblaydi, ushlab qoladi, hisobotda koʻrsatadi va budjetga oʻtkazadi hamda Kreatorga qolgan sof summani toʻlaydi. Platformada koʻrsatilgan soliq stavkasi faqat Kreatorning tasdiqlangan maqomi va qonunchilik mazkur stavkani qoʻllashga imkon berganda qoʻllanadi.

Platforma bank kartasi sahifasida quyidagi xabarni koʻrsatadi: "Oʻzini oʻzi band qilganlar toʻlovidan 1% soliq ushlab qolinadi." Bu xabar maʼlumot uchun koʻrsatiladi: soliq majburiyati Kreatorning roziligidan kelib chiqmaydi, shu sababli bank kartasini qoʻshishda soliq boʻyicha alohida tasdiq yoki belgi talab qilinmaydi.

Kreator quyidagilar uchun mustaqil javobgardir:

  • oʻzini oʻzi band qilganlik, YaTT yoki boshqa soliq maqomi;
  • qonunchilikka koʻra OQIM ushlab qolmaydigan va Kreatorning oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan boshqa soliqlar hamda ular boʻyicha deklaratsiyalar;
  • bank kartasi maʼlumotlarining toʻgʻriligi;
  • toʻlov olishga qonuniy layoqat;
  • OQIM tomonidan soʻralishi mumkin boʻlgan hujjatlarni taqdim etish.

Kreator OQIM soʻraganda oʻzining JShShIR (PINFL) raqamini va soliq maqomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart. OQIM toʻlov amalga oshirilishidan oldin Kreatordan shaxsni tasdiqlovchi, oʻzini oʻzi band qilganlik, YaTT, bank kartasi yoki toʻlov olishga muvofiqlikni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ham soʻrashi mumkin. Bunday maʼlumot yoki hujjatlar taqdim etilmaguncha OQIM toʻlovni ushlab turishi mumkin. Ishlab topilgan summa bu sababli bekor qilinmaydi.

20. Firibgarlik, qoidabuzarlik, toʻlovni ushlab qolish va tasdiqlangan videoni bekor qilish

Quyidagilar mazkur Shartlarda sanab oʻtilgan qoidabuzarliklar hisoblanadi:

  • soxta auditoriya faolligi;
  • bot yoki sunʼiy koʻrishlar;
  • manipulyatsiya qilingan koʻrishlar;
  • sunʼiy faollik guruhi yoki shubhali trafik;
  • notoʻgʻri yoki chalgʻituvchi Reel havolasi;
  • oʻziga tegishli boʻlmagan Instagram akkaunt;
  • oʻchirilgan, yashirilgan yoki yopiq Reel;
  • oʻgʻirlangan yoki boshqa shaxsdan koʻchirib olingan kontent;
  • takroriy yoki soxta hisoblar;
  • loyiha qoidalarini buzish;
  • taqiqlangan kontent;
  • Platformadan tashqarida bevosita loyiha aloqasi yoki kelishuv;
  • faol loyihani Platformadan tashqariga olib chiqish;
  • yolgʻon yoki chalgʻituvchi maʼlumot;
  • Platformadan boshqa shaklda suiisteʼmol qilish.

OQIM firibgarlik, huquqlardagi nuqson, qonuniy yoki xavfsizlik bilan bogʻliq masala yoxud Platforma qoidalarining jiddiy buzilishini tekshirish uchun oqilona asoslar mavjud boʻlganda hisobni vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi yoki tegishli toʻlovlarni ushlab turishi mumkin. Reputatsion xavfning oʻzi faqat vaqtincha toʻxtatib qoʻyish yoki tekshiruv uchun asos boʻlishi mumkin va Kreator daromadini butunlay bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.

OQIM Kreator daromadini faqat inson tomonidan koʻrib chiqilgandan keyin yuqorida yoki 14-boʻlimda sanab oʻtilgan va ushbu daromad bilan jiddiy bogʻliq boʻlgan qoidabuzarlikni aniqlagan taqdirda butunlay kamaytirishi, bekor qilishi, qaytarib toʻlashni talab qilishi yoki kelajakdagi kreator daromadidan oʻzaro hisobga olishi mumkin. Tekshirilayotgan xatti-harakatga aloqasi boʻlmagan, ishlab topilgan va bahsli boʻlmagan summalar toʻlanadigan boʻlib qoladi. Bunday qoidabuzarlik akkauntni cheklash yoki boshqa choralar koʻrish uchun ham asos boʻlishi mumkin.

OQIM har qanday kreatorga toʻlovni koʻrib chiqish uchun ushlab turishi mumkin. Ushlab turilgan har bir toʻlov boʻyicha qarorni admin alohida qabul qiladi; hech bir toʻlov avtomatik ravishda bekor qilinmaydi. Toʻlov boʻyicha yakuniy salbiy qaror sababini maʼlum qilish va uni qayta koʻrib chiqish tartibi 34-boʻlimda belgilangan.

Kreatorning Instagram loyihasidagi daromadini toʻlamaslik yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi qaror oʻz-oʻzidan Brendga pul qaytarish yoki Brend avans balansiga summa kiritish huquqini bermaydi. Brend avans balansiga summa faqat OQIM Brend bilan shartnomaga muvofiq tegishli natija haqiqiy emas, toʻlovga loyiq emas yoki bekor qilingan deb ham topgan hollarda kiritiladi. Instagramsiz loyihada tasdiqlangan video bekor qilinganda hisob-kitob quyidagi qoidaga muvofiq amalga oshiriladi.

OQIM Instagramsiz loyihada Brend tasdiqlagan videoni unga tegishli Kreator haqi toʻlangunga qadar faqat 14-boʻlimda koʻrsatilgan asoslardan biri boʻyicha va inson tomonidan koʻrib chiqilgandan keyin bekor qilishi mumkin. Bunday holda Kreatorga ushbu video uchun toʻlov qilinmaydi, video yakuniy qabul qilinmagan hisoblanadi va OQIM video narxini Brend avans balansiga kiritadi yoki, agar loyiha hali davom etayotgan boʻlsa, tegishli oʻrinni qayta ochadi. Videoga boʻlgan huquqlar bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan tugaydi va Brend 14-boʻlimda koʻrsatilgan choralarni koʻradi.

Foydalanish huquqli Instagram loyihasida OQIM tasdiqlangan dastlabki kontentni Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi toʻlangunga qadar xuddi shu asoslar va tartibda bekor qilishi mumkin; huquqlar kuchga kirgunga qadar bekor qilinsa, ular kuchga kirmaydi. Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi nol boʻlib qolsa, huquqlar 14-boʻlimga muvofiq kuchga kirmaydi. Bunday hollarda Kreator daromadi va Brend avans balansi boʻyicha oqibatlar ushbu boʻlimning Instagram loyihalariga oid qoidalari bilan belgilanadi.

21. Brend avans balansi, avans toʻlovlari va pul qaytarish

Brend loyiha boshlashdan oldin avans balansini toʻldirishi yoki loyiha uchun yetarli tasdiqlangan avans balansiga ega boʻlishi kerak. Avans balansi OQIMning bank hisobvaragʻiga bank oʻtkazmasi orqali toʻldiriladi va Admin pul kelib tushganini tasdiqlagandan keyin avans balansida aks ettiriladi.

Instagramsiz loyihada loyiha byudjeti OQIM loyihani tasdiqlaganda, qoʻshimcha oʻrinlar narxi esa OQIM ularni qoʻshishni tasdiqlaganda Brend avans balansidan yechiladi.

Brend avans balansi OQIM xizmatlari uchun oldindan toʻlangan avansdir. U faqat OQIM xizmatlari uchun ishlatiladi, boshqa Foydalanuvchiga oʻtkazilmaydi va OQIMdan tashqarida ishlatilmaydi. U pul, bank hisobvaragʻi, omonat, elektron pul yoki alohida toʻlov hisobvaragʻi hisoblanmaydi.

Instagram loyihasi tugaganda yoki Brend uni bekor qilganda OQIM loyihani tekshirilgan natijalar boʻyicha Brend uchun belgilangan narxlarda hisob-kitob qiladi va byudjetning ishlatilmagan qismini Brend avans balansiga kiritadi.

Instagramsiz loyiha yakunlanganda OQIM foydalanilmagan oʻrinlar narxini 10-boʻlimga muvofiq, video yakuniy qabul qilinmaganda (tasdiqlangan video bekor qilinganda) esa video narxini 20-boʻlimga muvofiq Brend avans balansiga kiritadi. Bank hisobvaragʻiga pul qaytarish avtomatik tarzda amalga oshirilmaydi.

Brend ishlatilmagan avansni bank hisobvaragʻiga qaytarishni OQIMga yuborilgan rasmiy yozma xat yoki soʻrov asosida talab qilishi mumkin. OQIM tegishli loyihalar boʻyicha hisob-kitob yakunlangandan keyin bajarilmagan majburiyatlar, bank cheklovlari, buxgalteriya talablari va amaldagi qonunchilikni hisobga olgan holda ishlatilmagan avansni u toʻlangan bank hisobvaragʻiga qaytaradi.

Ishlatilmagan avans balansi avtomatik eskirmaydi va Brendning kelajakdagi loyihalari uchun mavjud boʻlib qoladi, agar ishlatilmasa, qoʻlda pul qaytarilmasa, buxgalteriya yoki huquqiy sabablar bilan tuzatilmasa yoxud qonunchilik boshqacha talab qilmasa.

22. Brend tomonidan Instagram loyihasini bekor qilish

Agar Brend faol Instagram loyihasini bekor qilsa, OQIM bekor qilish vaqtigacha boʻlgan tekshirilgan natijalar asosida Kreator daromadini hisoblab chiqishi mumkin.

Faol yoki toʻlovga loyiq deb topilgan Kreatorlar tekshirilgan natijalar uchun tegishli toʻlovga haqli boʻlishi mumkin. Faol holatga yetmagan Kreatorlar, kontent joylashtirmagan yoki loyihada faol ishtiroki tasdiqlanmagan ishtirokchilar kreator daromadini olmaydi.

OQIM loyihani bekor qilish vaqtigacha boʻlgan tekshirilgan natijalar boʻyicha Brend uchun belgilangan narxlarda hisob-kitob qiladi va byudjetning ishlatilmagan qismini Brend avans balansiga kiritadi.

Bank hisobvaragʻiga pul qaytarish avtomatik emas va faqat rasmiy yozma soʻrov hamda qoʻlda koʻrib chiqish asosida koʻrib chiqiladi.

Instagramsiz loyihani yakunlash tartibi 10-boʻlimda belgilangan.

23. Tangalar

Tangalar Kreatorga Platformada koʻrsatilgan faoliyat uchun Platforma qoidalariga muvofiq beriladi. Jumladan, Instagramsiz loyihada Brend tasdiqlagan har bir video uchun Kreatorga Platformada koʻrsatilgan miqdorda tanga beriladi, tasdiqlangan videolar esa Kreator darajasi va bosqichlarini hisoblashda inobatga olinadi.

Tangalar pul, elektron pul, toʻlov vositasi, Kreator daromadi yoki Kreatorga toʻlov hisoblanmaydi va pulga almashtirilmaydi. Tangalar boshqa Foydalanuvchiga oʻtkazilmaydi va OQIMdan tashqarida qabul qilinmaydi.

Tangalarni olish va sarflashda hech qachon tasodif, qurʼa yoki garov ishtirok etmaydi. Agar qonunchilik tangalar evaziga olingan mahsulot yoki imtiyoz boʻyicha soliq yoki buxgalteriya oqibatini nazarda tutsa, bu oqibat qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Roʻyxatdan oʻtishni yakunlagan har bir Kreatorga taklif (referal) kodi beriladi. Taklif uchun tangalar Platformada koʻrsatilgan shartlarda beriladi.

Tangalarni Platformadagi doʻkonda sarflash uchun Instagram tasdigʻi talab qilinadi. Instagram tasdigʻiga ega boʻlmagan Kreator tangalarni toʻplashi mumkin, biroq ularni sarflay olmaydi.

OQIM tangalar beriladigan faoliyat turlarini, tangalar miqdorini, doʻkondagi mahsulotlar va ularning narxini hamda tangalardan foydalanish qoidalarini oʻzgartirishi mumkin. Xatolik, firibgarlik yoki mazkur Shartlar buzilishi aniqlanganda OQIM tangalarni tuzatishi yoki bekor qilishi mumkin.

24. Taqiqlangan loyihalar va kontent

Platformada quyidagi loyihalar, mahsulotlar, xizmatlar yoki kontentlar taqiqlanishi mumkin:

  • qimor oʻyinlari, bukmekerlik, kazino, lotereya;
  • alkogol, tamaki, veyp, nikotin;
  • giyohvandlik vositalari, narkotik moddalar, kannabis, nazorat qilinadigan moddalar;
  • qurol, portlovchi moddalar, harbiy yoki harbiy darajadagi uskunalar;
  • kattalar uchun jinsiy xizmatlar, pornografiya, eskort xizmatlari;
  • siyosiy kampaniyalar, partiyalar, saylovoldi tashviqoti;
  • diniy targʻibot yoki sektalarni targʻib qilish;
  • kriptoaktivlar, yuqori xavfli investitsiyalar, forex, "tez boyish" sxemalari;
  • MLM yoki piramida sxemalari;
  • tibbiy davolash vaʼdalari, retsept boʻyicha beriladigan dorilar, "moʻjizaviy davo" daʼvolari;
  • noqonuniy mahsulotlar yoki xizmatlar;
  • nafrat, taʼqib, zoʻravonlik, ekstremistik kontent;
  • qalbaki mahsulotlar;
  • chalgʻituvchi moliyaviy daʼvolar yoki kafolatlangan daromad takliflari;
  • voyaga yetmaganlarga qaratilgan xavfli yoki ekspluatatsion kontent.

OQIM qonuniy, regulyator, xavfsizlik, reputatsion yoki Platforma yaxlitligi xavfini tugʻdirishi mumkin boʻlgan har qanday loyiha yoki kontentni, ushbu roʻyxatda aniq koʻrsatilmagan boʻlsa ham, rad etish huquqiga ega.

25. Platformadan tashqarida bevosita aloqa va faol loyihani chetlab oʻtish

Faol loyiha davomida Brend va Kreator loyiha bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Platformadan tashqarida bevosita aloqa qilmasligi kerak, agar OQIM yozma ruxsat bermagan yoki OQIM tomonidan tasdiqlangan/admin orqali boshqariladigan kanal belgilamagan boʻlsa.

Quyidagilar Platforma ichida yoki OQIM tasdiqlagan jarayon orqali amalga oshirilishi kerak:

  • loyiha briefi;
  • koʻrsatma yoki oʻzgartirish soʻrovi;
  • dastlabki kontent yoki video yuborish;
  • tasdiqlash yoki rad etish;
  • Reel havolasini yuborish;
  • toʻlov yoki kreatorga toʻlov masalalari;
  • nizo;
  • loyiha natijalari va kuzatuv.

Platformadan tashqarida berilgan koʻrsatma, vaʼda, toʻlov kelishuvi, tasdiq, oʻzgartirish yoki yon kelishuv OQIM uchun majburiy hisoblanmaydi.

Faol loyihani chetlab oʻtishga qarshi qoida faqat faol loyiha davomida qoʻllaniladi. Brend va Kreator faol loyihani, uning toʻlovini, tasdiqlash jarayonini, kontent yuborish tartibini yoki kuzatuv jarayonini Platformadan tashqariga olib chiqib, OQIM qoidalarini yoki OQIM bilan hisob-kitobni aylanib oʻtishi mumkin emas.

26. Taqiqlangan harakatlar

Foydalanuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • Platformani aldash yoki suiisteʼmol qilish;
  • botlar, soxta koʻrishlar, soxta layklar, soxta izohlar yoki sunʼiy auditoriya faolligidan foydalanish;
  • boshqa shaxsning akkaunti yoki identifikatsiyasidan foydalanish;
  • takroriy yoki soxta hisoblar ochish;
  • yolgʻon, chalgʻituvchi yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumot kiritish;
  • Platforma xavfsizligini buzish;
  • dasturiy taʼminotni ruxsatsiz tahlil qilish, avtomatlashtirilgan maʼlumot yigʻish, ruxsatsiz kirish yoki zararli kod tarqatish;
  • spam, fishing yoki firibgarlik sxemalari;
  • OQIM yoki boshqa foydalanuvchilarning obroʻsiga zarar yetkazuvchi harakatlar;
  • faol loyiha davomida Brend yoki Kreator bilan Platformadan tashqari kelishuvlar;
  • OQIM tomonidan taqiqlangan kategoriya, kontent yoki xizmatlarni targʻib qilish.

27. Hisobni cheklash, toʻxtatib qoʻyish, yopish va bekor qilish

OQIM Foydalanuvchi, loyiha, kreatorga toʻlov, avans balansi, kontent yoki Platforma funksiyalarini rad etish, cheklash, vaqtincha toʻxtatib qoʻyish, bloklash yoki bekor qilish huquqiga ega, agar OQIM oqilona ravishda buni quyidagilar uchun zarur deb hisoblasa:

  • foydalanuvchilarni himoya qilish;
  • Brend va Kreator xavfsizligi;
  • toʻlovlar va kreatorlarga toʻlovlar xavfsizligi;
  • qonunchilikka rioya qilish;
  • firibgarlikning oldini olish;
  • Platforma yaxlitligi;
  • OQIM obroʻsini himoya qilish;
  • vakolatli organlar talablari;
  • mazkur Shartlar yoki boshqa OQIM hujjatlari buzilishi.

Kreator daromadini butunlay kamaytirish, bekor qilish, qaytarib olish yoki boshqa daromaddan hisobga olish faqat 20-boʻlimda belgilangan asoslar va inson tomonidan koʻrib chiqish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Reputatsion xavfning oʻzi faqat vaqtincha choralar uchun asos boʻlishi mumkin va Kreator daromadini butunlay bekor qilishga olib kelmaydi (20-boʻlim).

OQIM 20-boʻlimda belgilangan asoslar boʻyicha, jumladan takroriy yoki soxta hisoblar, firibgarlik yoki jiddiy qoidabuzarlik holatlarida, hisobni vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Hisob toʻxtatib qoʻyilganda:

  • Foydalanuvchi Platformaga kira olmaydi va yangi ish boshlay olmaydi;
  • Kreatorning koʻrib chiqishni kutayotgan videolari yopiladi, hali toʻlanadigan holatga oʻtmagan boshqa ishlari ham yopilishi mumkin;
  • toʻlanmagan kreatorga toʻlovlar ushlab turiladi va ularning har biri boʻyicha admin alohida qaror qabul qiladi; hech bir toʻlov avtomatik ravishda bekor qilinmaydi. Kreator daromadini butunlay kamaytirish, bekor qilish, qaytarib olish yoki boshqa daromaddan hisobga olish faqat 20-boʻlimda belgilangan asoslar va inson tomonidan koʻrib chiqish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

OQIM toʻxtatib qoʻyilgan hisobni tiklashi mumkin.

Kreator oʻz hisobini Platforma orqali yopishi mumkin. Agar hisob yopilgan paytda Kreatorning videosi koʻrib chiqishni kutayotgan boʻlsa, Brend uni hisob yopilganidan keyin ham tasdiqlashi mumkin; bunday holda OQIM tegishli Kreator daromadini Kreatorning Platformada saqlangan bank kartasiga toʻlaydi.

Hisobni cheklash, vaqtincha toʻxtatib qoʻyish, yopish yoki bekor qilish OQIMning zarur yozuvlarni saqlash, kreatorga toʻlovni ushlab turish, pul qaytarishni tekshirish, nizoni yuritish, firibgarlikni tekshirish yoki qonuniy va buxgalteriya majburiyatlarini bajarish huquqiga taʼsir qilmaydi.

28. Reklama ekanligini oshkor qilish va qonunchilikka muvofiqlik

Brend loyiha briefi, reklama daʼvolari, mahsulot yoki xizmat daʼvolari, reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn, hashtaglar, yorliqlar, akkauntni belgilashlar va targʻib qilinayotgan mahsulot yoki xizmat qonunchilikka, Instagram/platforma qoidalariga va OQIM siyosatlariga mos boʻlishi uchun javobgardir.

Kreator tasdiqlangan briefda yoki OQIM tomonidan talab qilingan reklama belgisi, hashtag, akkauntni belgilash, yorliq yoki reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matnni kiritishi shart.

OQIM kontentni rad etishi yoki oʻzgartirish talab qilishi mumkin, biroq Brend mahsuloti, reklama daʼvolari, reklama ekanini koʻrsatuvchi belgi yoki matn talablari yoki reklamaning barcha huquqiy jihatlari uchun javobgar sifatida talqin qilinmaydi.

29. Shaxsga doir maʼlumotlar va maxfiylik

OQIM shaxsga doir maʼlumotlarni Maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlaydi. Platformadan foydalanish uchun ayrim shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash, tekshirish va uchinchi tomon xizmatlariga uzatish zarur boʻlishi mumkin.

OQIM uchinchi tomon xizmatlaridan, jumladan Instagram/Meta, Apify, Eskiz, Telegram, Hetzner, Cloudflare, PostHog, Google (Vertex AI) hamda boshqa xizmatlardan foydalanishi mumkin. Batafsil maʼlumot Maxfiylik siyosatining 6-boʻlimida koʻrsatiladi.

OQIM maʼlumotlardan, jumladan Platformaga yuklangan kontentdan, quyidagi cheklovlarga rioya qilgan holda oʻz xizmatlarini yaxshilash hamda oʻzining sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish va yaxshilash uchun foydalanishi mumkin. Brend tasdiqlagan videolardan, jumladan foydalanish huquqli Instagram loyihasida tasdiqlangan dastlabki kontentdan, bu maqsadda faqat 14-boʻlimda OQIM uchun saqlab qolingan litsenziya doirasida va uning shartlariga muvofiq foydalaniladi va ulardan hech qachon biror shaxsning sunʼiy intellekt avatari, sintetik ovozi yoki boshqa taqlidini yaratish uchun foydalanilmaydi. Foydalanish huquqli Instagram loyihasida bu litsenziya faqat Kreatorning ushbu loyihadagi yakuniy daromadi noldan katta summa sifatida aniqlangan paytda kuchga kiradi; yakuniy daromad nol boʻlib qolsa, u kuchga kirmaydi va dastlabki kontentdan bu maqsadda foydalanilmaydi. Kreatordan boshqa tanib boʻladigan shaxs koʻringan bunday videolardan, agar ushbu shaxsning roziligi buni aniq qamrab olmasa, sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun foydalanilmaydi.

Foydalanuvchi Maxfiylik siyosatini alohida qabul qilishi talab etilishi mumkin.

30. Uchinchi tomon xizmatlari va Platforma mavjudligi

Platforma Instagram/Meta, Apify, Eskiz, Telegram, Hetzner, Cloudflare, PostHog, Google (Vertex AI), boshqa hosting va maʼlumotlar bazasi provayderlari, internet operatorlari, bank tizimlari va boshqa uchinchi tomon xizmatlariga bogʻliq boʻlishi mumkin.

OQIM quyidagilar uchun javobgar boʻlmaydi:

  • Instagram yoki Meta siyosati oʻzgarishi;
  • API yoki avtomatlashtirilgan maʼlumot yigʻish cheklovlari;
  • Apify actor, maʼlumotlar toʻplami yoki maʼlumot yigʻish xatoliklari;
  • SMS yetkazilmasligi;
  • bulutli saqlash xizmati nosozliklari;
  • hosting yoki maʼlumotlar bazasi uzilishlari;
  • PostHog yoki boshqa tahliliy xizmatlar cheklovlari;
  • internet uzilishlari;
  • uchinchi tomon platformalari tomonidan akkaunt yoki Reel cheklanishi;
  • ommaviy koʻrsatkichlar mavjud emasligi.

OQIM Platformaning doimiy, uzluksiz, xatosiz yoki har doim mavjud boʻlishini kafolatlamaydi.

31. Kafolat bermaslik

Platforma mavjud holatida va mavjud boʻlgan darajada taqdim etiladi.

OQIM quyidagilarni kafolatlamaydi:

  • aniq koʻrishlar soni;
  • sotuv;
  • konversiya;
  • auditoriya faolligi;
  • investitsiya qaytimi;
  • brend koʻrsatkichlarining oʻsishi;
  • obunachi koʻpayishi;
  • loyihaning tijoriy muvaffaqiyati;
  • Kreator yoki Brendning xatti-harakati;
  • uchinchi tomon maʼlumotlarining toʻliqligi yoki aniqligi;
  • Platformaning uzluksiz ishlashi.

32. Javobgarlikni cheklash

Qonunchilik ruxsat bergan maksimal darajada OQIM quyidagilar uchun javobgar boʻlmaydi:

  • bilvosita zararlar;
  • boy berilgan foyda;
  • yoʻqotilgan savdo yoki mijozlar;
  • reputatsion zarar;
  • maʼlumotlar yoʻqolishi;
  • uchinchi tomon xizmatlari nosozligi;
  • Instagram yoki boshqa platforma cheklovlari;
  • Brendning reklama daʼvolari yoki mahsuloti;
  • Kreator kontenti yoki mustaqil xatti-harakati;
  • Foydalanuvchilarning Platformadan tashqaridagi kelishuvlari.

Agar amaldagi qonunchilik boshqacha talab qilmasa, OQIMning javobgarligi quyidagi summalar bilan cheklanadi:

  • Brend yoki Agentlik oldida — bevosita daʼvoga sabab boʻlgan xizmat uchun oxirgi 3 oy ichida OQIMga toʻlangan summa;
  • Kreator oldida — oxirgi 3 oy ichida ushbu Kreatorga toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan Kreator daromadi summasi, biroq 1 000 000 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda.

Bu cheklov OQIMning Kreatorga toʻlanishi lozim boʻlgan summani toʻlash hamda Brendga ishlatilmagan avansni avans balansiga kiritish yoki qaytarish majburiyatlarini kamaytirmaydi. Cheklov firibgarlik, qasddan qilingan harakatlar hamda qonunchilikka koʻra cheklanishi mumkin boʻlmagan javobgarlikka qoʻllanilmaydi.

33. Zararlarni qoplash majburiyati

Foydalanuvchi OQIMni, uning rahbarlari, xodimlari, vakillari, hamkorlari va affillangan shaxslarini quyidagilar natijasida yuzaga kelgan daʼvolar, zararlar, jarimalar, xarajatlar va yuridik xarajatlardan himoya qilishga va ularni qoplashga rozilik beradi:

  • mazkur Shartlarni buzish;
  • Platformadan noqonuniy yoki ruxsatsiz foydalanish;
  • kontent orqali uchinchi shaxs huquqlarini buzish;
  • Brendning mahsuloti, xizmati yoki reklama daʼvolari;
  • Kreatorning kontenti, intellektual mulk huquqlari buzilishi yoxud soxta auditoriya faolligi;
  • Platformadan tashqaridagi kelishuvlar;
  • soliq yoki toʻlov maʼlumotlaridagi notoʻgʻrilik.

34. Nizolarni koʻrib chiqish tartibi

Platforma-operatsion nizolarda OQIM quyidagi dalillarni koʻrib chiqishi mumkin:

  • Platforma yozuvlari;
  • loyiha briefi;
  • yuklangan kontent;
  • Reel havolalari;
  • nazorat tekshiruvlari;
  • skrinshotlar;
  • uchinchi tomon maʼlumotlari;
  • Platforma ichidagi yozishmalar;
  • admin izohlari;
  • boshqa tegishli materiallar.

OQIMning loyiha statusi, toʻlovga loyiq deb topilgan koʻrishlar, Kreator daromadi, pul qaytarish, qoidabuzarlik, toʻlov olishga muvofiqlik va boshqa Platforma-operatsion masalalar boʻyicha qarori Platforma ichki operatsion maqsadlari uchun yakuniy hisoblanadi, quyida nazarda tutilgan qayta koʻrib chiqish bundan mustasno. OQIMning ichki operatsion qarori Foydalanuvchining qonunchilikda nazarda tutilgan sudga yoki vakolatli organga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

Kreatorga toʻlov boʻyicha yakuniy salbiy qaror (toʻlovni butunlay kamaytirish, bekor qilish, qaytarib undirish yoki oʻzaro hisobga olish) qabul qilinganda OQIM qonunchilik yoki xavfsizlik cheklovlari doirasida Kreatorga qarorning asosiy sababini maʼlum qiladi. Kreator bunday qarorni dastlabki qarorni qabul qilmagan admin tomonidan bir marta qayta koʻrib chiqilishini soʻrashi mumkin. Qayta koʻrib chiqish Kreatorning vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

Mazkur Shartlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq talqin qilinadi va qoʻllaniladi. Agar qonunchilik boshqacha talab qilmasa, yuridik nizolar Toshkent shahri vakolatli sudlarida koʻrib chiqiladi.

35. Fors-major holatlar

OQIM oʻz oqilona nazoratidan tashqaridagi holatlar sababli majburiyatlar bajarilmasligi yoki kechikishi uchun javobgar boʻlmaydi.

Bunday holatlarga quyidagilar kirishi mumkin:

  • tabiiy ofatlar;
  • epidemiya yoki pandemiya;
  • davlat organlari qarorlari;
  • qonunchilik yoki regulyator oʻzgarishlari;
  • urush, tartibsizlik yoki terrorchilik;
  • internet yoki aloqa uzilishlari;
  • kiberhujumlar;
  • Instagram/Meta siyosati yoki texnik oʻzgarishlari;
  • API yoki avtomatlashtirilgan maʼlumot yigʻish cheklovlari;
  • bulutli saqlash xizmati yoki hosting nosozliklari;
  • bank yoki toʻlov tizimi uzilishlari;
  • boshqa nazoratdan tashqari holatlar.

36. Shartlarni oʻzgartirish tartibi

OQIM mazkur Shartlarni va Platforma qoidalarini vaqti-vaqti bilan oʻzgartirishi mumkin.

OQIM hujjatlarning yangi versiyalarini eʼlon qilganda har bir Foydalanuvchi Platformadan foydalanishni davom ettirishdan oldin ularni Platformada qabul qilishi shart. Buning uchun Platformada majburiy oyna koʻrsatiladi; unda "Qabul qilaman" tugmasi va OQIM qoʻllab-quvvatlash xizmatiga olib boradigan "Qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻlanish" havolasi boʻladi. Foydalanuvchi yangi versiyalarni qabul qilmaguncha Platformadan foydalana olmaydi, biroq ushbu havola orqali yangi versiyalarni qabul qilmasdan hisobini yopishni soʻrashi, shaxsga doir maʼlumotlar boʻyicha murojaat qilishi yoki savol berishi mumkin. Allaqachon ishlab topilgan pul bu holatda ham Foydalanuvchiga toʻlanadi.

2026-yil 12-dekabrdan boshlab Platformaning Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-1173-son Qonuni bilan tartibga solinadigan xizmat koʻrsatish qoidalariga kiritiladigan oʻzgarishlar ular kuchga kirishidan kamida 30 kun oldin Platformada eʼlon qilinadi, qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Muhim oʻzgarishlar yangi loyihalar va yangi yuklashlarga qoʻllaniladi. Allaqachon boshlangan ishga ular faqat Foydalanuvchi ularni qabul qilgan taqdirda qoʻllaniladi.

OQIM CPM minimumlari, tekshiruv usullari va boshqa operatsion siyosatlarni qonuniy va biznes zaruratlar doirasida ushbu boʻlimdagi tartibda oʻzgartirishi mumkin. Toʻlov vaqti, minimal toʻlov chegarasi, ushlab turish yoki pul qaytarish qoidalarining oʻzgarishi allaqachon ishlab topilgan summalarga orqaga qarab qoʻllanilmaydi, boshlangan ishga esa faqat Foydalanuvchi uni qabul qilgan taqdirda qoʻllaniladi.

37. Xabarlar va aloqa

Mazkur Shartlar boʻyicha savollar, xabarlar yoki shikoyatlar quyidagi manzil orqali yuborilishi mumkin:

"OQIM GROUP" MChJ
INN: 312944962
Elektron pochta: info@oqim.app

OQIM murojaatlarni oqilona muddatda koʻrib chiqishga harakat qiladi.

38. Yakuniy qoidalar

Agar mazkur Shartlarning ayrim qismi haqiqiy emas yoki qoʻllanilmaydigan deb topilsa, qolgan qismi oʻz kuchida qoladi.

OQIM mazkur Shartlar boʻyicha oʻz huquqini darhol amalga oshirmasligi bunday huquqdan voz kechganini anglatmaydi.

Foydalanuvchi OQIMning yozma roziligisiz mazkur Shartlar boʻyicha huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkaza olmaydi. OQIM Platforma, biznes, aktivlar yoki xizmatlarni qayta tashkil etish, transfer qilish yoki boshqa yuridik yoxud operatsion sabablar bilan mazkur Shartlar boʻyicha huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.

Mazkur Shartlar Maxfiylik siyosati, Kreator shartnomasi, Brend bilan tuziladigan Didox yoki boshqa tasdiqlangan usuldagi shartnoma, ushbu shartnomaning video loyihalar boʻlimi, loyiha briefi va Platformada koʻrsatilgan boshqa qoidalar bilan birgalikda qoʻllaniladi.

Maxfiylik siyosati